Maktabgacha ta’lim tizimi tarixida ilk marotaba ota-onalar va jamoat tuzilmalari MTM boshqaruvi bo‘yicha vakolatga ega bo‘ldilar. Bu haqda Maktabgacha ta’lim vazirligining matbuot xizmati “Daryo”ga ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, 3-dekabrda bog‘chalarning Kuzatuv kengashi haqidagi Nizom tasdiqlandi. Kuzatuv kengashi faoliyati ota-onalarni o‘quv-tarbiya jarayonlariga jalb etib, maktabgacha ta’lim muassasasi boshqaruvi mexanizmi shaffofligini ta’minlaydi.
Kuzatuv kegashi a’zolari taklif etilgan nomzodlar orasidan mudirani saylaydi va uni lavozimidan ozod etish bo‘yicha takliflar kiritadi. Moliyaviy hisobot qabul qiladi (moliyaviy holat haqida hisobot, kirim va chiqim, budjet va budjetdan tashqari mablag‘lar hamda homiylar mablag‘lari bo‘yicha), MTM xodimlari faoliyati bo‘yicha so‘rovlar o‘tkazadi, ustivor masalalarni belgilaydi, ularning ijrosini nazorat qiladi va boshqa tashkiliy ishlar bilan shug‘ullanadi.
MTM Kuzatuv kengashi quyidagicha shakllantiriladi: har bir guruhdan 3 tadan ota-onalar vakili (ular ota-onalar yig‘ilishida ovoz berish yo‘li bilan saylanadi), 2 pedagog-tarbiyachi yordamchisi, 1 ta MTM ma’muriyati vakili, 1 ta MT hududiy bo‘linmasi vakili, jamoat birlashmalari (masalan mahalla qo‘mitasi)dan 2 vakil va homiylardan vakil.
Kuzatuv kengashi yig‘ilishi bir chorakda kamida bir marta o‘tkaziladi. Nodavlat MTMlarida kuzatuv kengashi tashkil etilishi tavsiyaviy xarakterga ega.
Izoh (0)