Avval ma’lum qilinganidek, Umra ibodatiga boruvchilar endi faqat yilning bahor faslida yoki Ramazon oyidagina emas, balki butun yil davomida Umra ibodatlariga borishi mumkin bo‘ldi, deb yozadi O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati.
Joriy yilning 28-noyabr sanasida Farg‘ona viloyati ziyoratchilaridan iborat bir guruh o‘zbekistonliklar Umra safariga jo‘nab ketgan edi. Ular dastlab, Madinai munavvara shahridagi muqaddas joylarni ziyorat qilib, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning muborak masjidlarida ibodatlarni ado etish sharafiga muvaffaq bo‘ldi.
“Biz Madinai munavvaraga yetib keldigu, Payg‘ambarimiz alayhissalomning masjidlariga ko‘zimiz tushgan zahoti barchaning ko‘ziga yosh keldi. U zotning ravzalarida jam bo‘lgan holda salavot va salomlar aytar ekanmiz, qalbimizdagi hayajon va xursandchilikni so‘z bilan ta’riflab bo‘lmaydi. Qolaversa, yurtimizdan kelgan ziyoratchilar uchun hukumatimiz tomonidan yaratilgan sharoitlardan barcha mamnun. Ziyoratchilarimiz shunday shart-sharoitlarni hozirlagan hamda bu borada tinim bilmay xizmat qilayotgan mutasaddilar, ayniqsa, yurtboshimiz va yurtimiz tinchligi barqaror bo‘lishini so‘rab duo qilmoqdalar”, — deydi guruh rahbari (Marg‘ilon shahridagi “Ziyo” masjidi imom-xatibi) Hasanboy Yusupaliyev.
Izoh (0)