17-noyabr kuni boshlangan “sariq nimchalar” namoyishlari sababli Parij mehmonxonalarida bekor qilingan buyurtmalar soni 50 foizga yetishi mumkin. Bu haqda Mehmonxonalar, restoratorlar, kafe va keytering kompaniyalari egalarining milliy kasaba uyushmasi rahbari Marsel Beneze BFMTV telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi, deb yozadi “RIA Novosti”.
Benezening so‘ziga qaraganda, Fransiya mehmonxona-restoran biznesi jiddiy zarar ko‘rmoqda va buni izga solish juda qiyin bo‘ladi. Namoyishlar oqibatlari eng ko‘p Avinyon, Monpelye va Tuluza kabi yirik shaharlarga ta’sir ko‘rsatadi.
“Ko‘pchilik odamlar London, Germaniya yoki Ispaniyaga jo‘nab ketish uchun xonalarini muddatidan oldin bo‘shatib ketmoqda”, — deya ta’kidladi Beneze.
Shunga qaramasdan, kasaba uyushmasi rahbari barchasida namoyishlar ishtirokchilarini ayblamadi. “Ularning eshitilishga haqi bor deb o‘ylayman”, — dedi u.
Eslatib o‘tamiz, 1-dekabr kuni politsiya va yonilg‘i narxining oshishiga qarshi norozilik bildirayotgan “sariq nimchalilar” o‘rtasida yangi to‘qnashuvlar yuz berdi.
Izoh (0)