Toshkentning “Lokomotiv” klubi hujumchisi Marat Bikmayev O‘zbekiston Pepsi Superligasining 31-turidan o‘rin olgan “Paxtakor”ga qarshi bahs vaqtida odob-ahloq qoidalariga mos kelmaydigan xatti-harakatni amalga oshirgani uchun 2 ta o‘yinga diskvalifikatsiya qilinib, 20 million so‘m jarimaga tortildi. Bu haqda PFL rasmiy saytida xabar berildi.
PFL Etika qo‘mitasi yuzaga kelgan vaziyatni atroflicha o‘rgangan holda Musobaqalar reglamentining intizomiy va jarimalar kodeksi 3-bo‘lim, 5.45 bandining “G” qismini qo‘pol ravishda buzgani e’tirof etilgan Marat Bikmayevning 31-tur o‘yini vaqtida va ungacha bo‘lgan 23-tur uchrashuvi paytida ham odob-axloq qoidalaridan chetga chiqqanini inobatga olgan holda mazkur qarorga kelgan.
Turon24’ning yozishicha, diskvalifikatsiya muddati O‘zbekiston chempionati va kubogi doirasidagi uchrashuvlarda amal qiladi. Jarima puli esa bir oy davomida to‘lab berilishi kerak.
Ma’lumot uchun, Marat Bikmayev 26-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan Paxtakorga qarshi uchrashuvda gol nishonlash chog‘ida barmoqlari yordamida raqib jamoa muxlislari tomonga nomaqbul xatti-harakatni amalga oshirgandi.
Izoh (0)