Birlashgan Millatlar Tashkilotining 1999-yil 16-dekabrdagi rezolyutsiyasi bilan 25 noyabr — Xalqaro ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka barham berish kuni deb e’lon qilingan. Toshkentdagi Compass ko‘ngilochar savdo markazida Respublika “Istiqbolli avlod” ijtimoiy axborot markazining “16 kun zo‘ravonliksiz!” deb nomlangan aksiyasi shu munosabat bilan tashkil etildi, deb yozadi O‘zA.
“Aksiya tadbirlari 25-noyabrdan 10-dekabrga qadar davom etadi, — dedi Respublika ‘Istiqbolli avlod’ ijtimoiy axborot markazi direktori o‘rinbosari Shohida Qosimova. — Ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka barham berishga qaratilgan tadbir davomida er va xotin huquqlari, nizolarning kelib chiqish sabablari, ularni bartaraf etish masalasiga ham e’tiborimizni qaratamiz”.
2001-yil tashkil etilgan Respublika “Istiqbolli avlod” ijtimoiy axborot markazi aholi manfaatlarini himoya qilish, sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirib kelmoqda. Markazning asosiy faoliyat yo‘nalishlaridan biri — bu odam savdosiga qarshi kurashish.
Aksiya davomida turli qiziqarli so‘rovnomalar, videoroliklar, iste’dodli yosh san’atkorlar ishtirokidagi konsert dasturi ham namoyish etildi.
16 kun davom etadigan mazkur aksiya doirasida seminarlar, sport tadbirlari, internet fleshmob, interaktiv o‘yinlar bo‘lib o‘tadi.
Izoh (0)