Buxoro viloyati Kogon tumanidagi “Siyovush Komron Fud” fermer xo‘jaligining intensiv bog‘i hosilga kirdi. 43 gektar maydonni egallagan bog‘da olma va gilos yetishtiriladi, deb yozadi O‘zA.
Bog‘ni tashkil etishda fermer xo‘jaligi rahbari Bekzod Ahadovga ikki yil avval Xalqaro rivojlanish assotsiatsiyasining 600 ming yevro miqdoridagi krediti qo‘l keldi. Intensiv bog‘ samaradorligini oshirish bevosita zamonaviy texnologiyalar qo‘llanishiga bog‘liq. Qishloq xo‘jaligi korxonalarini tarkibiy qayta tuzish agentligining joriy yil fermer xo‘jaligiga ajratgan 1 million 150 ming dollar miqdoridagi sarmoyasi va tadbirkorning 5 milliard so‘mlik o‘z mablag‘i ana shu maqsadga yo‘naltirildi.
Xalqaro moliya tashkilotlari bilan hamkorlik qilib kelayotgan Qishloq xo‘jaligi korxonalarini tarkibiy qayta tuzish agentligi ishtirokidagi kredit mablag‘lari hisobiga Buxoro viloyatida birgina o‘tgan yilda umumiy qiymati 10,3 million dollardan ziyod bo‘lgan 18 loyiha amalga oshirildi. Jumladan, 19 gektar maydonda zamonaviy issiqxona, ming tonna uzumni qayta ishlash quvvatiga ega korxona, logistika markazi, 1 ming 100 tonna meva-sabzavot sig‘dira oladigan 3 ta muzlatgichli omborxona qurilib, ishga tushirildi.
Jondor tumanidagi “Jondor qurilish servis” MChJ esa xorij bozoridan mustahkam o‘rin egalladi. Korxona Agentlik kredit mablag‘lari hisobidan o‘tgan yil boshida zamonaviy gidroponika usulidagi 3 gektarlik issiqxona tashkil etgan edi. Bu yil pomidor va bodring yaxshi hosil berdi. 600 ming dollarlik mahsulotni eksport qildi.
Buxoro shahrining asosan dehqonchilik qilinadigan “Otbozor” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida Amina Odilova o‘zining “Jamshid Javohir Agrotexservis” MChJ faoliyatini sabzavot yetishtirish hisobiga kengaytirmoqda. Agentlik tomonidan ajratilgan 450 ming dollar miqdoridagi 10 yilga mo‘ljallangan imtiyozli kredit va korxonaning 150 ming dollarlik sarmoyasi hisobidan joriy yil boshida 1 gektar maydonda issiqxona qurdi.
Tadbirkor yana bir gektar maydonga issiqxona va meva-sabzavot saqlashga mo‘ljallangan 680 tonna sig‘imga ega muzlatgichli omborxona qurish bo‘yicha amaliy harakatlarni boshlab yuborgan.
Qishloq xo‘jaligi korxonalarini tarkibiy qayta tuzish agentligi ishtirokidagi kredit mablag‘lari dehqonchilik va chorvachilik sohalarini rivojlantirishda keng imkoniyatlar yaratmoqda. Mazkur tarmoqlarga Agentlik ishtirokida 45,2 million dollar miqdoridagi kredit mablag‘i ajratilishi samarasida bugungi kunda 109 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Ularning 69 tasi meva-sabzavotchilik yo‘nalishiga taalluqli.
Izoh (0)