Muddatli harbiy xizmatga navbatdagi chaqiruv boshlandi. Dastlabki saralash ishlari olib borilmoqda. Xo‘sh, harbiy xizmatga chaqiriluvchilarga qo‘yiladigan talablar qanday, uning salomatlik darajasi qanaqa bo‘lishi kerak? O‘zA shu kabi savollar bilan O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi markaziy tibbiy komissiyasi raisi o‘rinbosari, tibbiy xizmat polkovnigi Xolyor Toshtemirovga murojaat qildi.
– Ko‘riklar qanday tashkil etiladi?
– Muddatli harbiy xizmatga yigitlar fevral—mart oylarida chaqiriladi. Ayni kunlarda yigitlar dastlabki saralash uchun tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilmoqda. Bu ishlar joylardagi mudofaa ishlari bo‘yicha bo‘lim va boshqarmalarda tibbiy komissiyalarda amalga oshirilmoqda. Tibbiy ko‘riklar bosqichma-bosqich olib boriladi. Birlamchi ko‘rik mudofaa ishlari bo‘yicha bo‘limda tashkil etiladi. Nazorat ko‘rigi viloyatlarda doimiy faoliyat ko‘rsatadigan tibbiy komissiyalarda bo‘lib o‘tadi.
– Bo‘lajak askarda varikoz aniqlansa-chi?
– Varikoz asosan og‘ir jismoniy mehnat va sport bilan shug‘ullanishdagi zo‘riqish oqibatida kelib chiqadi. Hozirgi kunda uning oyoq teriosti venalari kengayishi natijasida kelib chiqadigan ko‘rinishlari ko‘proq uchramoqda. Surunkali tomir yetishmovchiligi bo‘lsa, bu yigit xizmatga noloyiq, deb topiladi. Vazirlar Mahkamasining qarori asosidagi nizomda bu qat’iy belgilab qo‘yilgan. Varikoz surunkali tomir yetishmovchiligiga aylanmagan, kichik ko‘rinishda uchrasa, yigit xizmatga yaroqli, deb topiladi.
– Quloqdagi nuqsonlar...
– Ba’zi hollarda sport bilan muntazam shug‘ullanish tufayli quloq pardasida nuqsonlar yuzaga keladi. Bu quloq suprasining deformatsiyasi deyiladi. Bunday holatlar aniqlangan yigit sportning muayyan turi bo‘yicha razryadga ega yoki turli musobaqalarda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, natijalarni tasdiqlovchi hujjatlarni tibbiy komissiyaga taqdim etadi. Komissiya buni inobatga oladi va uni harbiy xizmatga layoqatli, deb topishda bu asqotadi. Ba’zi bolalarning qulog‘idan yiring oqib yuradi. Vaqt o‘tishi bilan bu to‘xtaydi. Ota-ona ham, bolaning o‘zi ham kasallik bartaraf bo‘ldi, deb hisoblaydi. Tibbiy tekshiruv payti bunday yigitlar bilan ham alohida ishlashga to‘g‘ri keladi. Komissiya ko‘rigi paytida barcha sinovlardan o‘tadi. Olti metrlik masofada turib so‘zlashuv sinovi natijasi ham ijobiy chiqadi. Ammo maxsus uskunalar yordamidagi tekshirishda quloq pardasida teshik aniqlanadi. Teshik hali bitmagan holatlari uchraydi. Komissiya bunday yigitlarni ham xizmatga noloyiq, deb topadi. Shuningdek, sudurgi kasalligi bilan xastalangan yigitlar ham harbiy xizmatga jalb etilmaydi.
– Vazn va bo‘y haqida ham gapirib bersangiz.
– Muddatli harbiy xizmatga chaqiriluvchining bo‘yi 170 santimetr va undan yuqori, vazni 60 kilogramm va undan yuqori bo‘lishi kerakligi belgilab qo‘yilgan. Bu ko‘rsatkichdan past bo‘lgan hollarda ham ruxsat berilmaydi. Ba’zan bo‘y va vaznda nomutanosiblik holatlari ham uchraydi. Masalan, yigitning bo‘yi belgilangan talablarga mos, ammo vazni kam bo‘lishi mumkin. Bunday holatlarda chaqiruv bir yilga kechiktiriladi va zarur ko‘rsatmalar beriladi. Vaznni tiklashga to‘sqinlik qilishi mumkin bo‘lgan kasalliklar va kamchilikni bartaraf etish haqida tushuncha berilib, mutaxassislar tavsiya etiladi.
– Insonda tug‘ma xol bo‘lishi tabiiy. Bunda qanday ish tutiladi?
– Tekshiruv davomida ba’zi yigitlar badanida xol aniqlanadi. Agar ular kichkina bo‘lsa, zararsiz va kasallik hisoblanmaydi. Nisbatan katta va bo‘yin qismida, standart poyabzal yoki harbiy libos kiyishga xalaqit beradigan, ishqalanish natijasida turli yaralar keltirib chiqarish xavfi bo‘lsa, bunday vaziyatlar harbiy xizmatga to‘sqinlik qiluvchi holat, deb topiladi va chaqiriluvchiga yaroqsiz, degan xulosa beriladi.
– Tatuirovka-chi?
– Tatuirovka kasallik hisoblanmaydi. Sog‘lom yigitlar badanida ham tatuirovkalar uchraydi. Ularning turli mashhur kishilarga taqlidi natijasida badaniga tatuirovka chizdirganiga guvoh bo‘lamiz. Amaldagi nizomning 33-moddasida bu haqda keltirib o‘tilgan. Shunga ko‘ra, ular harbiy xizmatga jalb qilinmaydi.
– Yosh mezonlari qanday?
– Harbiy xizmat yoshi 19 yoshdan 27 yoshgacha belgilangan. Muddatli harbiy xizmat bir yil va bunga 19 yoshdan 23 yoshgacha bo‘lgan yigitlar qabul qilinadi. 24—27 yoshlilar safarbarlik rezerviga jalb qilinadi.
– Tibbiy xulosadan norozilik holatlari ham uchraydi. Bunday paytda kimga, qayerga murojaat qilish kerak?
– Chaqiriluvchi tuman, shahar tibbiy komissiyasi xulosasidan norozi bo‘lsa, viloyatda doimiy faoliyat yurituvchi komissiyaga murojaat qilishi mumkin. Ayni paytda chaqiruv davrida muqobil tibbiy komissiya ham tashkil etiladi. Ular tarkibi malakali mutaxassislar bilan shakllantirilgan bo‘ladi. Viloyat komissiyasi xulosasidan norozi bo‘lganlar muqobil tibbiy komissiyaga murojaat qilishi mumkin. Bu komissiya xulosasidan ham norozi bo‘lganlar Respublika muqobil tibbiy komissiyasiga chiqishi belgilab qo‘yilgan. O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolarning murojaatlari to‘g‘risida”gi qonuni mezonlariga ko‘ra, bevosita bizning markazimizga ham murojaat qilishi mumkin.
Izoh (0)