O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 29-iyundagi “Mahalliy budjetlarning daromadlar bazasini kengaytirish zaxiralarini aniqlash ishlarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash, ya’ni amaldagi qonunchilik asosida budjetga qo‘shimcha mablag‘ jalb etish borasida Namangan viloyati davlat soliq boshqarmasi tomonidan ham qator chora-tadbirlar ko‘rilmoqda, deb yozadi O‘zA.
“Ushbu hujjat ijrosi doirasida 21 mingdan ortiq yuridik shaxs tomonidan hududiy davlat soliq xizmati organlariga taqdim etilgan soliq va majburiy to‘lovlar hisobotlari soliq kodeksining 70-moddasi talablari asosida kameral nazoratdan o‘tkazildi, — deydi viloyat davlat soliq boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i N.Mahkamov. — Aniqlangan tafovutlar yuzasidan joriy yilning 10 oyida 70 milliard so‘mlik soliq va majburiy to‘lovlar hisoblanib, uning 67,3 milliard so‘mi budjetga undirilishi ta’minlandi”.
Jumladan, joriy yil oktabr oyida “Standart Qurilish Ta’minoti” MChJ faoliyati bo‘yicha soliq idoralaridagi ichki va tashqi manba ma’lumotlari asosida kameral nazorat o‘tkazilganda, jamiyat tomonidan 119,3 million so‘mlik qo‘shilgan qiymat solig‘i kam hisoblangani ma’lum bo‘ldi.
Ushbu holat yuzasidan viloyat davlat soliq boshqarmasi tomonidan belgilangan tartibda talabnoma yuborilib, jamiyatdan ushbu summa bo‘yicha qayta aniqlashtiruv hisoboti olindi. Hozirda davlat budjetiga qo‘shimcha hisoblangan 119,3 million so‘m qo‘shilgan qiymat solig‘i summasining belgilangan tartibda undirilishi ta’minlandi.
Izoh (0)