Shavkat Mirziyoyev 19-noyabr kuni kongressmen Trent Kelli boshchiligidagi AQSh kongressi delegatsiyasini qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.
Davlat rahbari tarkibida AQSh Vakillar palatasi a’zolari Visente Gonsales, Ronald Estes, Rojer Marshall va Jennifer Gonsales Kolon ham bo‘lgan delegatsiyani samimiy qutlar ekan, kongressmenlarni AQSh parlamentiga oraliq saylov muvaffaqiyatli o‘tgani bilan tabrikladi.
Shavkat Mirziyoyev AQSh Vakillar palatasida kongressmenlar T.Kelli va V.Gonsales rahbarligida “O‘zbekiston bo‘yicha kokus” tashkil etilganini mamnuniyat bilan qayd etdi. Ushbu mexanizm munosabatlarni har tomonlama kengaytirish va aniq iqtisodiy loyihalarni ilgari surishda samarali omil bo‘lib xizmat qilishiga ishonch bildirildi.
Uchrashuvda ikki tomonlama munosabatlarga doir, shuningdek, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar ko‘rib chiqildi.
Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik uchun qulay sharoitlar yaratish hamda bu boradagi qo‘shma loyihalarni, avvalo, hududlararo darajada qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratildi.
Kongressmenlar davlat rahbariga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, O‘zbekistonda yangi bosqichda amalga oshirilayotgan hamda barcha soha va yo‘nalishlarni qamrab olgan islohot va yangilanishlarga yuksak baho berdi.
Ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlash, o‘zaro manfaatli amaliy hamkorlikni kengaytirishga faol ko‘maklashishga tayyorlik ta’kidlandi.
Izoh (0)