Bangladesh politsiyasi Dakkada muxolifatchi Milliy partiya tarafdorlari aksiyasini tarqatib yuborish uchun ko‘zni yoshlantiruvchi gazni qo‘lladi. Bunda 20 nafar namoyishchi va kamida 20 nafar politsiyachi jarohat oldi. Bu haqda Daily Star gazetasi xabar bermoqda, deb yozadi “RIA Novosti”.
Partiya tarafdorlari siyosiy birlashma ofisi tomonga marsh uyushtirgan va yaqin joylashgan ko‘chadagi avtomobil harakatini to‘sib qo‘ygan. Politsiya namoyishchilarni tarqatib yuborishga uringan, biroq muxolifatchi partiya tarafdorlari huquq-tartibot organlari bilan to‘qnashuvga kirishgan.
Politsiya vakili Shibli Nomanning ma’lum qilishicha, aksiya ishtirokchilari ularga qarata tosh ota boshlagandan so‘ng kamida 20 nafar politsiyachi jarohatlangan. Bundan tashqari, namoyishchilar politsiyachilarning ikki avtomobiliga o‘t qo‘ygan, bir nechta transport vositasiga zarar yetgan.
12-noyabr kuni Bangladesh markaziy saylov komissiyasining rahbari Nurul Xuda mamlakat hukumati umummilliy saylovlar o‘tkazish sanasini bir hafta keyinga — joriy yilning 30-dekabriga o‘tkazishga qaror qilganligini ma’lum qilgan edi. U, shuningdek, nomzodlarni ro‘yxatga olish 28-noyabrga qadar davom etishini qo‘shimcha qilgan.
Izoh (0)