Maktabgacha ta’lim vazirligi faoliyatining bir yilligiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi, deb yozadi O‘zA.
Dastlab anjuman ishtirokchilari poytaxtning Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 324-maktabgacha ta’lim muassasasiga tashrif buyurdi.
Ushbu muassasa ko‘p yillar foydalanilmay turgan MTM o‘rnida qayta tashkil etildi. Muassasada bolalarning ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirishga ko‘maklashuvchi alohida san’at xonasi va sport zali bor. Ochiq havoda jismoniy tarbiya va sport mashg‘ulotlarini o‘tkazish uchun esa futbol maydonchasi mavjud.
Press-turdan so‘ng jurnalistlar vazirlikda tashkil etilgan matbuot anjumanida ishtirok etdi.
Anjumanda “Maktabgacha ta’lim tizimini boshqarishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorda belgilangan vazifalar doirasida qilinayotgan ishlar, istiqboldagi rejalar haqida ma’lumot berildi.
Qarorga muvofiq, 2019-yil 1-yanvardan boshlab maktabgacha ta’lim muassasasiga qatnaydigan bolalar uchun jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqamini berish xizmati joriy qilinadi. Bolaning rivojlanishi, ta’lim olishi, sog‘lig‘i to‘g‘risidagi ma’lumotlarni to‘plash, saqlash va bu haqda ota-onalarni xabardor qilish imkoni yaratiladi.
Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, MTMlarining aksariyati sobiq sovetlar vaqtida qurilgan va tubdan ta’mirlanmagan. Oylik maoshlarining uzoq yillar davomida ko‘tarilmagani ham ish unumdorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan. Endilikda, qarorga muvofiq, MTMda ko‘rsatilgan pullik xizmatlarning 80 foizini muassasa moddiy-texnik bazasini kuchaytirish va ishchilarni moddiy rag‘batlantirishga yo‘naltirish mumkin bo‘ladi. Shuningdek, MTMlarida dam olish kunlari va ish kuni yakunlangandan so‘ng bolalarni parvarishlash va ularga qarab turish, belgilangan dasturdan tashqari to‘garak mashg‘ulotlarini tashkil qilish singari qator qo‘shimcha pullik xizmatlarni ko‘rsatish huquqi bor.
O‘tgan bir yil mobaynida bolalarning maktabgacha ta’lim bilan qamrab olinishi 27,7 foizdan 35,4 foizgacha yetdi. Ayni damda 890 mingdan ortiq bolakay MTMga qatnamoqda. MTMlar soni yangi qurilish, qayta ta’mirlash hamda nodavlat sektorining jadallik bilan rivojlanishi va davlat-xususiy sheriklik mexanizmining joriy etilishi natijasida 5 ming 211 tadan 6 ming 607 taga yetdi.
Tadbirda shu va yangi maktabgacha ta’lim muassasalarining barpo etilishi, ularni ichimlik suvi, gaz hamda issiqlik energiyasi bilan ta’minlash singari masalalar ham muhokama qilindi.
Izoh (0)