“Korrupsiya” so‘zi bugun afsuski, eng ko‘p ishlatiladigan so‘zlarimiz qatoridan joy egallab ulgurgan. Chunki ijtimoiy hayotda uning domiga duch kelganlar ko‘pchilikni tashkil etmoqda. O‘zA Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Islomjon Zokirovning korrupsiya borasidagi fikrlarini keltirdi.
Tez-tez eshitib qolayotganimiz: bolalar bog‘chasidan to oliy dargohgacha, qorovuldan to hokimlargacha, aybdordan to qozigacha bu illat qurboni bo‘lib ketsalar-u, cheki uzilmasa-ya...
Bir fuqaroning internetda “Hatto korrupsiyaga qarshi kurashadigan joylarda ham korrupsiya bor”, deya qoldirgan posti kishini o‘ylantirib qo‘yadi va beixtiyor Imom al-Buxoriy hazratlarining Al-jomi’ as-sahih asarida “Odamlarga shunday zamon keladiki, inson o‘z topgan molu dunyosini halol yo‘l birlan topdimi yoki harom yo‘l birlan topdimi, ishi bo‘lmay qo‘yadi”, deyilgani yoki 17-asr ulamolaridan biri Tomas Gobbsning “Korrupsiya – davrlar osha o‘sib kelayotgan ildiz bo‘lib, u har xil orzu-havaslar ortidan birortayam qonunni mensimaslikdir”, degan fikrini isbotlamoqda.
Davlat va din qoralasa, qonunlarimizda korrupsiyaga qarshi normalarning mavjudligi, qolaversa, huquqiy normalarni yanada takomillashtirib borishning zarurati bu illat hamon davlat va jamiyat obro‘siga putur yetkazib kelayotganligidan dalolat beradi.
Singapur hozirgi paytda korrupsiyaning yo‘qligi, iqtisodiy erkinlik va taraqqiyot darajasi bo‘yicha dunyo reytinglarida yetakchi o‘rinlarni egallagan, qat’iy avtoritar davlat nomini olishiga “Vijdonli bo‘lish va sotilmaslik” tamoyili sabab bo‘lgan. Singapur misoli siyosiy iroda, korrupsiyaga qarshi samarali qonunchilik va sotilmaydigan mustaqil agentlik (Korrupsiya holatlari yuzasidan surishtiruv olib borish byurosi) bir necha yil ichida korrupsiyani juda past darajaga tushirishga qodir ekanligini ko‘rsatdi. Bu davlatdagi asosiy islohotlar sudyalarning oyligini keskin oshirishga (1990 yilda 1 mln. dollar), sudyalik lavozimiga eng yaxshi advokatlar jalb etishga qaratildi. Mafiya guruhlari shafqatsizlik bilan yo‘q qilindi. Mas’uliyatli lavozimlarni egallab turgan davlat xizmatchilarining maoshi xususiy korporatsiyalar top-menejerlariniki darajasigacha oshirildi.
Hozirda poraxo‘rlik uchun qo‘llaniladigan Xitoydagi jazo turi boshqa hech bir davlatda bo‘lmasligi tabiiy. U yerda bunday jinoyat jiddiy sanalib, jinoyatchiga nisbatan qatl jazosi belgilanadi. Poraxo‘rning qarindoshlariga esa u otib o‘ldirilgan o‘q uchun to‘lov-hisob varaqasi yuboriladi.
Tadqiqotlar ko‘rsatadiki, har qanday illatga barham berishda samarali vosita – bu illatni o‘zi bilan emas, balki sababi bilan kurashishdir.
O‘zbekiston ham korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha qator chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda. So‘nggi yillarda, bu illatga qarshi kurash bo‘yicha aniq maqsadli strategiya belgilandi. Jumladan, 2017 yilda “Korrupsiyaga qarshi kurash to‘g‘risida”gi Qonunning qabul qilinishi ham jamiyatimizda bu illatga qarshi kurashning yangi bosqichini belgilab berdi.
Shu o‘rinda qonun hujjatlarini hayotga tatbiq etishda quyidagi jihatlarga alohida e’tibor qaratish maqsadga muvofiq.
Bular:
- OAVning shu yo‘nalishdagi faoliyatini yanada rivojlantirish, korrupsiya holatlarini aniqlash, oqibatlarini yoritish borasidagi faoliyatini rag‘batlantirib borish mexanizmini joriy etish, Oliy Majlis palatalarida Qo‘mitalar, Fraksiyalar yig‘ilishlari, Yalpi Majlislari, shuningdek, Vazirlar Mahkamasi va uning barcha darajadagi tuzilmalarida bo‘layotgan yig‘ilishlarida OAVlarining cheklovlarsiz ishtirok etishini kafolatlash;
- aholining turmush farovonligini oshirish va mehnatga munosib haq to‘lashni eng dolzarb masalasi hisoblangan “Iste’mol savatchasi”ni joriy etishni tezlashtirish;
- diniy ulamolarimiz masjid va madrasalarda muntazam ravishda korrupsiya va uning salbiy oqibatlari xususida targ‘ibotlar olib borish;
- “Korrupsiyadan xoli hudud” nominatsiyasi bo‘yicha keng jamoatchilik o‘rtasida ijtimoiy so‘rovlar tashkil etish orqali, tanlovlar o‘tkazish;
- olimlar, tadqiqotchilar va izlanuvchilarning korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha tadqiqot natijalarini amaliyotga joriy etish mexanizmini rivojlantirish, innovatsion yondashuvlarni qo‘llab-quvvatlash;
- aholi tomonidan eng ko‘p murojaat etiladigan jabhalar, xususan, korrupsiya alomatlari bo‘lishi mumkin bo‘lgan tarmoqlarda kafolatlangan shaffof elektron tizimni joriy etish. Masalan, navbatlarning elektron shaklini yaratish va muntazamligini ta’minlash.
Izoh (0)