Bugun, 8-noyarb kuni O‘zbekiston mudofaa vaziri general-mayor Abdusalom Azizov AQSh mudofaa vazirining Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha yordamchisining o‘rinbosari Kolin Jekson boshchiligidagi harbiy delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati “Daryo”ga ma’lum qildi.

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

AQSh qurolli kuchlari delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifidan maqsad — ikki mamlakat mudofaa idoralari o‘rtasida xalqaro harbiy hamkorlikning hozirgi ahvoli va uni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qilishdan iborat.

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

O‘zbekiston tomoni harbiy va harbiy-texnika sohasida, shuningdek, mintaqada xavfsizlikni ta’minlash borasidagi dolzarb masalalar borasida O‘zbekiston—Amerika mudofaa idoralari o‘rtasidagi kelishuvlarga alohida e’tibor qaratmoqda.

Uchrashuv davomida Afg‘onistondagi vaziyatni o‘nglash, xalqaro terrorizmga barham berish hamda mintaqada tinchlikni barqaror ushlab turish bo‘yicha fikrlar almashildi.

“AQSh — biz uchun ishonchli, uzoq yillar davomida sinalgan hamkor bo‘lib, o‘rtamizdagi do‘stlik va o‘zaro munosabatlar doimiy ravishda oldinga qarab siljimoqda. Dunyodagi qudratli jangovar imkoniyatga ega mamlakat bilan mustahkam aloqa o‘rnatish, shubhasiz, bizning armiyamiz jangovar shayligini oshirishga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi”, — dedi uchrashuv davomida Abdusalom Azizov.

O‘zbekiston mudofaa vaziri bilan uchrashuvdan so‘ng AQSh delegatsiyasi Qurolli Kuchlar akademiyasida bo‘ldi.

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Mehmonlar akademiya binosida joylashgan AQSh mudofaa sohasiga oid mavzuviy mashg‘ulot xonasi bilan ham tanishib, kursantlar uchun yaratilgan sharoitlarni yuqori baholadi.