O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi hududlararo hamkorlik I forumi doirasida mamlakatda birinchi atom elektr stansiyasi qurilishi loyihasiga start berildi. Shunga muvofiq, Fanlar akademiyasi, Vazirlar Mahkamasi huzurida Atom energetikasini rivojlantirish agentligi va “Rosatom” davlat korporatsiyasi o‘rtasida imzolangan hamkorlik memorandumiga asosan endi mamlakat atom energetikasi sohasi uchun kadrlar tayyorlanadi, deb yozadi O‘zA.
Bunda dastlab birinchi atom elektr stansiyasi faoliyati uchun operatsion xodimlar o‘qitiladi. Shu bilan birga, atom energetikasi va u bilan bog‘liq sohalar oid kadrlarni o‘qitish va tayyorlash ham rejalashtirilgan. Xususan, Rossiyada malaka oshirib kelgan o‘qituvchilar O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlari, korxona va tashkilotlarda o‘quv kurslarini tashkil etadi.
“O‘zatom” agentligi va “Rosatom” davlat korporatsiyasi o‘rtasida imzolangan anglashuv memorandumiga ko‘ra, jamoatchilik orasida atom energetikasi bo‘yicha ijobiy fikrni shakllantirish masalasiga katta e’tibor qaratiladi. Unda ommaviy axborot vositalari vakillarining atom energetikasi va yadro texnologiyalari borasidagi tushunchalarini oshirish maqsadida ular uchun o‘quv kurslarini tashkil etish, yadro-energetika texnologiyalari va boshqa qator sohalarga bag‘ishlangan xalqaro anjuman va ko‘rgazmalar uyushtirish mo‘ljallangan.
Izoh (0)