Joriy yilning 14-oktabr kuni Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputatligiga bo‘shab qolgan o‘rinlarga saylovlar bo‘lib o‘tdi. Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashiga saylov o‘tkazuvchi shahar saylov komissiyasining 2018-yil 16-oktabrdagi №17-sonli Qaroriga asosan, O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan ko‘rsatilgan nomzod Dilorom Toshmuhamedova Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputati etib saylandi. Bu haqda Nuriddin Zayniddinov Facebook’dagi sahifasida ma’lum qildi.
D.Toshmuhamedova 2001—2004-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputati bo‘lish bilan birga, Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasining a’zosi sifatida faoliyat yuritgan. 2005—2008-yilgacha “Adolat” SDP Siyosiy Kengashi raisi va partiyaning O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi rahbari lavozimlarida ishlagan.
2007-yilda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining o‘rinbosari etib tayinlangan. 2008-yilda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri etib saylanib, 2015-yilgacha parlament Quyi palatasiga rahbarlik qilgan.
2017-yildan buyon O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi direktori lavozimida ishlab kelmoqda.
Izoh (0)