Toshkentda 12-oktabr kuni “Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi madaniy-gumanitar hamkorlikning dolzarb masalalari” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi, deb yozadi O‘zA.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi tomonidan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamkorligida tashkil etildi. Unda senatorlar, deputatlar, vazirlik va idoralar, diplomatik korpus, jamoat birlashmalari vakillari, jurnalistlar ishtirok etdi.
Bugungi kunda O‘zbekiston Markaziy Osiyo davlatlari va Afg‘oniston bilan savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar, xavfsizlik va barqarorlik sohalarida o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha izchil ishlarni amalga oshirmoqda.
Mazkur tadbir ham mintaqa mamlakatlari o‘rtasida faol ijtimoiy-madaniy muloqotni davom ettirish, hamkorlikda madaniy va ijodiy tadbirlarni ishlab chiqish uchun qulay muloqot maydonini yaratishga xizmat qiladi. Unda ta’lim va sayyohlik sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish, xalq diplomatiyasi mexanizmlaridan samarali foydalangan holda mintaqada madaniy-gumanitar munosabatlarni yanada faollashtirish, do‘stlik, hamjihatlik va barqarorlik muhitini mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Millatlararo totuvlik, mintaqa bo‘ylab bunyodkorlik ruhini yalpi ijtimoiy harakatga aylantirishga qaratilgan ma’ruzalar tinglandi.
Uchrashuv yakunida tomonlar Markaziy Osiyo xalqlarining boy tarixi, madaniyati, ma’naviy qadriyatlari va an’analarini asrab-avaylash, buyuk olim va mutafakkirlarning ilmiy-ijodiy merosini tadqiq etish bo‘yicha muloqot va madaniy tadbirlar o‘tkazishga kelishib oldi.
Izoh (0)