O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 11-oktabr kuni mamlakatga tashrif bilan kelgan Misr bosh imomi, al-Azhar majmuasi rahbari shayx Ahmad Muhammad Tayyibni qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.
Davlat rahbari mehmonni qutlar ekan, Misr Prezidenti Abdulfattoh as-Sisining shu yil 4–5-sentabr kunlari O‘zbekistonga amalga oshirgan rasmiy tashrifi ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish yo‘lida tarixiy qadam bo‘lganini qayd etdi.
Shavkat Mirziyoyev al-Azhar universiteti bilan imzolangan hamkorlik memorandumlari diniy ulamolar, olimlar, malakali professor-o‘qituvchilar va iqtidorli talabalar almashuvini yo‘lga qo‘yishda muhim ahamiyatga ega ekanligini ta’kidladi.
Misr bosh imomi O‘zbekiston rahbariga samimiy qabul uchun chuqur minnatdorlik izhor etar ekan, Abdulfattoh as-Sisining samimiy salomlari va ezgu tilaklarini yetkazdi.
Ahmad Tayyib O‘zbekiston Prezidenti tomonidan hayotning barcha jabhalarida amalga oshirilayotgan keng miqyosli islohotlarni yuqori baholadi.
Yuqori martabali diniy arbob O‘zbekiston bilan munosabatlarni nafaqat ta’lim va gumanitar sohalarda, balki barcha jabhalarda izchil rivojlantirish va yangi bosqichga olib chiqish yo‘lida Misr tomonining sa’y-harakatlari qat’iyligiga ishonch bildirdi.
Izoh (0)