“Daryo” tahririyatiga Samarqand viloyati Oqdaryo tumani Po‘latdarxon mahallasida yashovchi bir guruh fuqarolar murojaat qilib, Qoradaryo daryosidagi toshlarning noqonuniy olib ketilishi natijasida so‘nggi ikki yilda mahallada toza ichimlik suvi muammosi yuzaga kelayotganligini bildirdi.
“Daryo” muxbiri Farhod Norbo‘tayev Po‘latdarxon mahallasida yashovchi fuqarolar bilan uchrashib, ularni qiynayotgan muammolarini o‘rgandi.
Ayni paytda 11 500 nafar aholi istiqomat qilayotgan Po‘latdarxon mahallasi Qoradaryo qirg‘og‘ida joylashgan bo‘lib, mazkur mahalla o‘z vaqtida Samarqandning eng so‘lim maskanlaridan biri hisoblangan. Biroq, so‘nggi ikki yil davomida hududdagi suv muammosi sababli ushbu maskan kun sayin cho‘lga aylanib bormoqda.
– Biz bu yerda yashayotganimizga o‘n yildan oshdi. Avvallari 7 metrdan suv chiqardi. Hozir 10-12 metrdan ham suv chiqarish qiyin bo‘lmoqda, — deydi Istiqlol ko‘chasi 47-uyda yashovchi fuqaro Bohodir Farhodov. – Mahalla fuqarolari har bir suv chiqarish kranini 2-2,5 million so‘mga qurdiryapti. Bir yilda hatto ikki bor kranni almashtirishga to‘g‘ri kelmoqda. Suvsizlikdan hovlimizdagi daraxtalar qurib ketgan.
Aholi mahallada so‘nggi ikki yil davomida suv bilan bog‘liq muammoning yuzaga kelishida Qoradaryo daryosidan noqonuniy tarzda toshlarning olib ketilayotganligini sabab qilib ko‘rsatishdi.
– 24 soat davomida Qoradaryo daryosidan toshlarni olib ketishadi. Aynan shu sabab bizning mahallamizda suvsizlik muammosi yuzaga keldi. Biroq, bunga hech kim chora ko‘rgani yo‘q, — deydi Istiqlol ko‘chasi 26-uyda yashovchi fuqaro Farrux Bobojonov. – Na mahalla raisi, na uchastka inspektori, na boshqa mutasaddi tashkilot vakillari bunday noqonuniy harakatga chora ko‘rgani yo‘q. Bunday e’tiborsizlik keyinchalik katta muammoga aylanib ketishi hech gap emas.
Daryodan tosh ortib berayotgan va tosh olib chiqib ketayotgan haydovchilar bilan suhbatlashganimizda, ularning qo‘lida hech qanday hujjat yo‘qligini, barcha zarur hujjatlar Bahodir va Jamshid (familiyasini aniqlashning iloji bo‘lmadi) ismli shaxslarda ekanligini, har qanday savollarga ular javob berishini bildirishdi.
Qoradaryo daryosining qirg‘oqlaridagi achinarli holat esa har qanday kishini o‘yga toldiradi. Daryo atrofi chiqindilarga to‘lib ketgan. Turli xil maishiy chiqindilarning to‘planishi natijasida atrof-muhitga badbo‘y islar ham tarqala boshlagan.
Mazkur holat yuzasidan viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muxofaza qilish boshqarmasiga murojaat qildik. Ma’lumotlarga ko‘ra joriy yil boshidan hozirgi kunga qadar Zarafshon daryosi yon qirg‘oqlaridagi noqonuniy holatlar bo‘yicha 31 ta holat aniqlangan. Noqonuniy faoliyat bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 70-moddasi (Yer osti boyliklarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish talablarini buzish) 1-qismi bilan 35 240 560 so‘m jarima solingan bo‘lishiga qaramasdan Zarafshon daryosi yon qirg‘oqlaridan noqonuniy tarzda tosh olish holati davom etib kelmoqda.
– Viloyatdan oqib o‘tuvchi daryo, soy, kanallardan fuqaro va mansabdor shaxslar tomonidan kechasi huquqbuzarlik sodir etilmoqda. Daryo, soy, kanallarga qum shag‘al aralashmasini olgani kelgan yuk mashinalari tomonidan har xil turdagi chiqindilarni to‘kib ketish holatlari inspektorlar tomonidan aniqlangan. Biroq, fuqarolar tomonidan inspektorlarga bo‘ysunmaslik holatlari ham uchragan. Ushbu holat bo‘yicha viloyat va tuman prokuraturasiga kerakli hujjatlar to‘planib taqdim etib borilmoqda, — deydi viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi boshlig‘i G‘olib Negmatov. – Korxonalar va fuqarolar tomonidan viloyatdan oqib o‘tuvchi daryo, soy, kanallardan fuqaro va mansabdor shaxslar tomonidan noqonuniy qum shag‘al aralashmasini qazib olish, maishiy chiqindilarni tashlash holatlari aniqlanganda viloyat IIB, YHXB, viloyat prokuraturasi hodimlari tomonidan amaliy yordam berishlarini istardik.
Aholini qiynayotgan muammolari va fuqarolarning murojaatlari asosida mahalla tomonidan qanday choralar amalga oshirilayotganligini bilish maqsadida Po‘latdarxon mahallasi raisi Mahmud Nasimov bilan uchrashmoqchi bo‘ldik. Biroq mahalla raisini topa olmadik.
Shu o‘rinda bir gap. Samarqand viloyatining eng yirik namunali uylari qurilgan maskan hisoblanmish Po‘latdarxon mahallasi bugun achinarli holga kelib qolgan. Mahalla hududidagi namunali uylarning ahvoli kishini o‘yga toldiradi. Shundoqqina mahalla idorasining oldidagi xonadonlar atrofi turli chiqindilar bilan to‘lib yotgani yetmaganidek, bolalar o‘ynaydigan maydonchaga olov yoqib yuborishgan.
Suvsizlik muammosiga duch kelgan Po‘latdarxon mahallasining mazkur muammosini mutasaddi tashkilotlar o‘rganib, tez orada ijobiy hal qiladi degan umiddamiz.