O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasida shu kunlarda mamlakatda tashrifda bo‘lib turgan Jahon banki ekspertlari bilan uchrashuv o‘tkazildi. Bu haqda Davlat soliq qo‘mitasining matbuot xizmati “Daryo”ga ma’lum qildi.
Ma’lumki, xalqaro ekspertlar O‘zbekiston hukumati tomonidan soliq islohotlari konsepsiyasining samarali ijrosini ta’minlash va texnik jihatdan ko‘maklashishga jalb qilingan.
Uchrashuvda soliq konsepsiyasiga muvofiq, 2019-yilning 1-yanvaridan mamlakatda yangi soliq tartibi joriy etilayotgani tufayli soliq to‘lovchilarda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan tushunmovchilik va ziddiyatlarni oldini olish, kichik biznes subyektlari uchun soddalashtirilgan qo‘shimcha qiymat solig‘ini tatbiq qilish, soliq to‘lovchilar bilan munosabatlarni takomillashtirishda maqbul mexanizmlar asosida zarur shart-sharoitlarni yaratish bilan bog‘liq masalalar muhokama etildi.
Shu bilan birga, davlat soliq xizmati organlarining avtomatlashtirilgan axborot tizimining texnik, dasturiy va axborot ta’minotini oqilona yo‘lga qo‘yish va shu orqali soliq to‘lovchilar uchun qulayliklar yaratish, elektron hisob-fakturalarning samarali tizimini joriy etish, “call-markaz” maxsus servisida aholiga axborot xizmatlari to‘liq ko‘rsatilishiga erishish borasidagi chora-tadbirlarda amaliy yordam ko‘rsatishga oid jihatlar atroflicha ko‘rib chiqildi.
Davlat soliq qo‘mitasi mutaxassislari va Jahon banki ekspertlari maxsus seksiyalarga bo‘lingan holda har bir soliq tartibida yuzaga kelishi mumkin ziddiyatli holatlar va ularni bartaraf etish choralarini batafsil tahlil qildi.
O‘zaro muloqot jarayonida ko‘tarilgan masalalar yechimi yuzasidan Moliya vazirligiga tegishli taklif va tavsiyalar kiritish hamda bu o‘zgarishlar yaqin istiqbolda qabul qilinishi rejalashtirilgan yangi tahrirdagi Soliq kodeksida o‘z aksini topishiga kelishib olindi.
Izoh (0)