Samarqand tumani adliya bo‘limi tuman tibbiyot birlashmasi tomonidan o‘z kasbiy malakalarini oshirish uchun turli muassasalarga yuborilgan xodimlarga vaqtida to‘lab berilmagan kafolatli 4,9 million so‘m to‘lovlari undirib berildi. Bu haqda “Daryo” muxbiri Farhod Norbo‘tayev xabar berdi.
Xususan, tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘ining 3-yanvardagi buyrug‘i bilan tuman markaziy ko‘p tarmoqli poliklinika vrach narkologi U. Iskandarov Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutiga “Narkologiyada davolash va reabilitatsiya masalalari” bo‘yicha malaka oshirish uchun yuborilgan. Xodim malaka oshirib qaytganiga 6 oy to‘lgan bo‘lishiga qaramasdan, malaka oshirish davri uchun to‘lanishi lozim bo‘lgan kafolatli to‘lov unga to‘lanmagan.
Shuningdek, tuman tibbiyot birlashmasining teri-tanosil bo‘linmasi vrach armatologi G‘. Rahimov, tug‘ruq majmuasi UTT vrachi Sh. Ergasheva, tashkiliy-uslubiy bo‘limi boshlig‘i M. Jumayev, tuman ko‘p tarmoqli poliklinika vrach nevrapotologi Sh. Salimova, poliklinika travmatologi R. Xursanov va yana bir qator xodimlarga malaka oshirish davri uchun to‘lanishi lozim bo‘lgan kafolatli to‘lov to‘lab berilmagan.
Izoh (0)