Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “Yuksaklikka yo‘l. Vestminster universiteti” (“Put k vosxojdeniyu. Vestminsterskiy universitet”), deb nomlangan hujjatli filmning taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Film Toshkentdagi xalqaro Vestminster universitetining 16 yillik tarixi, amalga oshirilgan ishlar va erishilgan yutuqlarga bag‘ishlangan.
Ushbu universitet 2002-yilda Londondagi Vestminster universiteti bilan hamkorlikda tashkil etilgan. Bugungi kunda universitetning bakalavriat va magistratura bo‘limlarida “Iqtisodiyot va moliya”, “Biznesda axborot tizimi”, “Tijorat huquqi”, “Amaliy iqtisod”, “Xalqaro tijorat huquqi” hamda “Xalqaro biznes menejmenti” kabi yo‘nalishlar bo‘yicha ta’lim berib kelinmoqda. Shu kunga qadar mazkur universitetda 2 ming 100 dan ortiq yetuk mutaxassis tayyorlangan.
Hujjatli film o‘zbek va rus tillaridan tashqari, ingliz tilida ham tayyorlangan bo‘lib, uning taqdimoti kelasi yil Navro‘z bayrami arafasida Londondagi Vestminster universitetida namoyish etilishi rejalashtirilgan.
“Favvora-film” studiyasida suratga olingan film ssenariy muallifi – jurnalist Boris Babayev, rejissor – Denis Kodzayev, operator – Abdulla To‘laganov.
Namoyishdan so‘ng film haqida tomoshabinlar o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
Izoh (0)