Sirdaryo viloyati IIB Jinoyat qidiruv boshqarmasi Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari tomonidan joriy yil 10-sentabr kuni tezkor tekshiruv ishlari olib borildi. Bu haqda IIV jamoatchilik va OAV bilan aloqalar boshqarmasi xabar bermoqda.
Tekshiruvlar davomida “Sirdaryopaxtasanoat” hududiy birlashmasi aksiyadorlik jamiyati tugatish komissiyasi rahbari vazifasini bajaruvchi B.D. paxta tolasi birja savdolari orqali sotilishi ko‘rsatilgan hukumat qarori talablarini qo‘pol ravishda buzgani aniqlandi.
2018-yil 27-iyul kuni birja savdolarida 260 tonna paxta tolasining qiymati 3 milliard 993 million 770 ming 913,60 so‘mni tashkil etgandi. Biroq u 1-avgust kuni “Sarbonteks” qo‘shma korxonasiga past narxda, ya’ni 1,5 milliard so‘mga sotish haqida soxtalashtirilgan qalbaki shartnomani to‘g‘ridan-to‘g‘ri tuzadi. Buning oqibatida jamiyat hisob raqamiga atigi 1 milliard 350 million so‘m tushadi. Jamiyat va davlat manfaatlariga juda ko‘p miqdorda, aniqrog‘i, 2 milliard 643 million 770 ming 913,60 so‘mlik moddiy zarar yetkaziladi.
Mazkur holat yuzasidan Sirdaryo viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan B.D.ga nisbatan Jinoyat kodeksining bir necha moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izoh (0)