Samarqand viloyati Urgut tumani “Boybul” mahalla fuqarolar yig‘ini majlislar zalida tuman ma’muriy sudi raisi A.Alimov boshchiligida sayyor sud majlisi o‘tkazildi. Unda Samarqand viloyat bojxona boshqarmasi Surishtiruv va ma’muriy amaliyot bo‘limi mas’ul xodimlari va boshqa mutasaddi tashkilot vakillari ishtirok etdi. Bu haqida “Daryo” muxbiri Farhod Norbo‘tayev xabar bermoqda.
Sud majlisida “Jartepa” chegara bojxona postida aniqlangan huquqbuzarlik holatlari bilan bog‘liq 10 ta ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 245-moddasiga asosan ko‘rib chiqildi.
Sayyor sudda Samarqand viloyat bojxona boshqarmasi tomonidan bir necha shaxslarga nisbatan yuritilgan ma’muriy ish hujjatlari atroflicha ko‘rib chiqildi.
Jumladan, “Jartepa” chegara bojxona posti orqali qo‘shni davlatdan kelgan fuqaro J.B.ning axborot tashuvchi vositasida aniqlangan behayo mazmundagi videofayllarni O‘zbekiston Respublikasiga olib kirishga uringanligi holati bo‘yicha yuritilgan ma’muriy ish ko‘rildi.
J.B. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 189-moddasi bilan aybli deb topilib, unga nisbatan eng kam oylik ish haqining besh barobari miqdorida jarima jazosi tayinlandi.
Shuningdek, fuqaro M.S. umumiy qiymati 3 million so‘mdan ziyod olti xil turdagi tovarni bojxona qoidalarini buzgan holda O‘zbekistoniga olib kirishga uringanligi holati bo‘yicha yuritilgan ma’muriy ish ham ko‘rildi.
M.S. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 227-22-moddasi 1-qismi bilan aybli deb topilib, unga nisbatan MJtKning 21-moddasi qo‘llanib, ogohlantirilgan holda, tovarlar davlat egaligiga musodara qilindi.
Izoh (0)