Toshkentdagi Turin politexnika universitetida Oliy Majlis Senati Kengashi va xalq deputatlari Olmazor tumani Kengashining qo‘shma majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Senat raisi N. Yo‘ldoshev, Prezidentning fuqarolar huquqlarini himoya qilish, murojaatlar bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish masalalari bo‘yicha maslahatchisining birinchi o‘rinbosari U. Muhammadiyev, Olmazor tumani hokimi B. Rahmonov, senatorlar, deputatlar, mutasaddi vazirlik va idoralar rahbarlari ishtirok etgan yig‘ilishda poytaxt hududlari, shu jumladan, Olmazor tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga oid dolzarb masalalar barcha darajadagi davlat hokimiyati organlari oldida turgan asosiy vazifalardan ekanligi aytildi.
Ta’kidlanganidek, keyingi uch yilda tumanda jami 400 million dollarlik investitsiyalarni jalb qilish rejalashtirilgan. Bu borada tuman hokimiyatida tadbirkorlar bilan muzokaralar o‘tkazilib, joriy yilda jami 97 million dollar investitsiya jalb qilish bo‘yicha tashabbuskorlar bilan investitsion loyihalar amalga oshirilmoqda.
Tumandagi 55 mahallada mulkchilik shaklidan qat’iy nazar, bo‘sh turgan obyektlar, faoliyati to‘xtagan korxonalar, to‘liq foydalanilmayotgan ishlab chiqarish va yer maydonlari xatlovdan o‘tkazildi. 447 ana shunday obyekt aniqlanib, ulardan samarali foydalanish choralari ko‘rildi. Majlisda aholi muammolarini o‘rganish bo‘yicha mas’ul vazirlik va idoralar, tuman hokimligi rahbarlarining axboroti tinglandi. Tuman hokimining aytishicha, joriy yilning 3-iyunidan 10-avgustigacha to‘rt sektor rahbari o‘z hududida yillar davomida yechimini kutayotgan muammolarni aniqlab, bartaraf etish choralarini ko‘rgan. O‘rganishlar davomida tumanda 1 ming 256 fuqaroning muammolari aniqlandi. Ularning aksariyatini uy-joy masalasi tashkil qiladi.
Majlisda muhokama qilingan masalalar bo‘yicha Senat Kengashi va xalq deputatlari Olmazor tuman Kengashining qo‘shma qarori qabul qilindi.
Izoh (0)