20-avgust kuni Vazirlar Mahkamasida Qurbon hayitini munosib nishonlash masalasiga bag‘ishlangan selektor majlisi bo‘lib o‘tdi. Majlisni O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov olib bordi, deb xabar berdi “Daryo”ga Vazirlar Mahkamasidagi manba.
Selektor majlisida hukumat a’zolari, viloyat hokimlari, tegishli vazirlik va idoralarning rahbarlari hamda mas’ul xodimlari ishtirok etdi.
Majlisda islom dinining ezgu g‘oyalarini yaqqol ifoda etadigan Qurbon hayitini keng bayram sifatida nishonlash bilan bog‘liq masalalar ko‘rib chiqildi.
Qurbon hayitini joylarda ko‘tarinki ruhda, tartibli va milliy qadriyatlarga mos ravishda o‘tkazish, hayit namozi o‘qiladigan barcha masjidlarda fuqarolarning ibodat qilishlari uchun zarur shart-sharoitlar va imkoniyatlarni yaratish, erta tongdan jamoat transport qatnovini tashkil etish, masjidlar atrofida avtomobillar vaqtincha turar joylarni hozirlash yuzasidan mutasaddi rahbarlarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Shu bilan birga, har bir tuman, mahalla, ovul va qishloqlardagi yordamga muhtoj nogironlar, yolg‘iz keksalar, boquvchisini yo‘qotgan fuqarolar, kam ta’minlangan oilalarga hamda “Mehribonlik”, “Muruvvat”, “Saxovat” uylariga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatish yuzasidan tegishli vazirlik va idoralar, mahalliy hokimliklarga topshiriqlar berildi.
Shuningdek, bozorlarda savdo xizmatini yuqori saviyada tashkil etish, istirohat bog‘lari, odamlar gavjum bo‘ladigan joylarda aholi uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratish lozimligi ta’kidlandi.
Izoh (0)