O‘zbekiston Xalq ta'limi vazirligi ilk bor maktab direktori va Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri bo‘sh ish o‘rni uchun tanlov e’lon qildi. Bu haqda UzDaily xabar bermoqda.
Joriy yilning 17-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida ta’lim tizimini isloh qilish va rivojlantirish masalalariga bag‘ishlab yig‘ilish o‘tkazilgan edi. Yig‘ilishda umumta’lim maktablari direktorlari va ularning o‘rinbosarlariga qo‘yiladigan talablarni qayta ko‘rib chiqish zarurligi ta’kidlangan edi. Maktab direktori vazifasiga boshqaruvchilik (menejerlik) qobiliyatiga ega kadrlarni tayinlash, shuningdek ma’naviy-ma’rifiy va o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosarlarining mas’uliyatini oshirish lozim.
Xalq ta’limi vazirligi Toshkent shahar 50-sonli umumta’lim maktabi direktori va Mirzo Ulug‘bek tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri bo‘sh ish o‘rni uchun tanlov e’lon qiladi. Tanlovning ushbu usuli kadrlar tanlashda shaffoflikni ta’minlash va kadrlar tizimini tubdan isloh qilish maqsadida qo‘llanilmoqda. Talablarga mos qiziqish bildirgan barcha shaxslar e’londa ko‘rsatilgan tartibda o‘zlari haqidagi ma’lumotlarini yuborib, tanlovda ishtirok etishi va munosib nomzod bo‘lishi mumkin.
Izoh (0)