8-avgust, chorshanba kuni “Ozodlik”ning “Sizdan Telegram” ruknida “39 ming qarz uchun 370 ming jarima solish insofdanmi?!” nomli maqola e’lon qilingan.
“Ozodlik”ning maqolasida keltirilishicha, fuqaro Oyzoda Abdakimovaning elektr energiyasidan 39 ming so‘m qarzi bo‘lgani sababli Qoraqalpog‘istonning Xo‘jayli tumani MIB bo‘limi xodimlari tomonidan xonadon tarmoqdan uzib qo‘yilgan.
MIB rahbariyatining aniqlashicha, 21-iyul kuni byuroning Xo‘jayli tuman bo‘limi inspektori Abdakimovaning 59 436 so‘m qarzdorligi borligi haqda talabnoma rasmiylashtirgan. Shuningdek, byuro xizmatchisi talabnoma shartlari bajarilmagan taqdirda, xonadonning tarmoqdan ajratilishi va qayta ulanish uchun eng kam oylik ish haqining 2 baravari miqdorida to‘lov undirilishi haqida ogohlantirgan. 30-iyul kuni talabnoma shartlari bajarilmagani sababli xonadon tarmoqdan ajratilgan va dalolatnoma nusxasi uy egasiga berilgan.
Xonadon tarmoqdan ajratilganidan so‘ng, fuqaro Abdakimova 30-iyul kuni elektr energiyasi uchun 90 000 so‘m to‘lagan bo‘lsa-da, tarmoqqa qayta ulanish uchun eng kam oylik ish haqining 2 baravari miqdoridagi to‘lovni hozirga qadar amalga oshirmagan. Shuning uchun ham xonadon tarmoqqa qayta ulab berilmagan.
“Demak, Abdakimovaning murojaatida keltirilgan ma’lumotlar haqiqatga mos emas. Xususan, uning elektr energiyasidan qarzdorligi 39 000 so‘m emas, balki 59 436 so‘mni tashkil qilgan. Shuningdek, xonadonni tarmoqdan uzish haqidagi dalolatnoma nusxasi uning turmush o‘rtog‘iga taqdim qilingan. Bundan tashqari, byuroning Xo‘jayli tuman bo‘limi inspektori noqonuniy xatti-harakatlar sodir etmagan. Shundan kelib chiqib, Majburiy ijro byurosi ‘Ozodlik’ e’lon qilgan ma’lumotlarni asossiz deb hisoblaydi”, — deyiladi MIB axborotida.
Izoh (0)