Oy kalendari bo‘yicha Xitoyda 2019-yil to‘ng‘iz (cho‘chqa) yili hisoblanadi. Shu boisdan mamlakatdagi yangi pochta markalarida uning surati aks etdi, deb yozadi Meduza.
Yangi pochta markalarida ota-ona to‘ng‘izlar va ularning 3 ta cho‘chqachasi aks etgan. Xitoyliklar esa buni 2016-yilda yuz bergan voqea bilan bog‘lamoqda.
O‘shanda Xitoy hukumati “bitta oila — bitta farzand” siyosatidan voz kechib, fuqarolarga ikki nafar farzand ko‘rishga ruxsat bergan edi. Va shu munosabat bilan 2016-yilda maymun va uning ikki bolasi aks etgan pochta markalari chiqarilgan edi.
Endi, cho‘chqa yiliga bag‘ishlangan yangi markalarning chiqarilishini xitoyliklar mamlakatda tez orada uch farzand ko‘rishiga ruxsat berilishiga ishora deb qabul qilmoqda.
Ma’lumot uchun, avvalroq Bloomberg agentligi Xitoyda tug‘ilishga qo‘yilgan barcha cheklovlar olib tashlanishi mumkinligi haqida yozgandi.
Unga ko‘ra, hukumat bu haqida 2019-yilda e’lon qilishi mumkin. Xitoy rasmiylarining fikricha, oiladagi farzandlar soniga nisbatan cheklovning bekor qilinishi aholi keksayishiga qarshi kurashda yordam berishi mumkin.