Prezidentning 2018-yil 27-iyuldagi farmoni bilan davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qo‘yilishi munosabati bilan fuqarolar va biznesga yetkazilgan zararlarni qoplashning yangi mexanizmi ma’qullandi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda, deb yozadi “Gazeta.uz”.
Hozir Davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qo‘yilishi munosabati bilan fuqarolarga va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash tartibi to‘g‘risidagi nizomga (Vazirlar Mahkamasining 29.05.2006 yildagi 97-son qaroriga ilova) ko‘ra kompensatsiya berish quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
- olib qo‘yilayotgan yer uchastkalari korxonalar, muassasalar va tashkilotlarga ajratib berilgan taqdirda — ushbu korxonalar, muassasalar va tashkilotlar mablag‘lari hisobiga;
- boshqa hollarda — chorak yakuni bo‘yicha prognozdan ortiqcha tushgan mahalliy budjetlarning daromad qismi mablag‘lari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar budjetlarining zaxira jamg‘armasi mablag‘lari va (yoki) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining tegishli hisob raqamlariga davlat mulkini davlat tasarrufidan chiqarish, xususiylashtirishdan tushadigan taqsimlanadigan mablag‘larning bir qismi hisobiga.
Shu munosabat bilan Vazirlar Mahkamasi huzurida 2 oy muddatda Davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qo‘yilishi munosabati bilan jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash bo‘yicha markazlashtirilgan jamg‘arma tashkil qilinadi. U mahalliy budjetlarning daromad qismi va boshqa manbalar hisobiga to‘ldiriladi (olib qo‘yilayotgan yer uchastkalarini oluvchilarning mablag‘lari ham unga kiritilsa kerak).
Jamg‘arma bilan kelishuvga erishmay yer uchastkalarini olib qo‘yish taqiqlanadi.
Izoh (0)