O‘zbekistonda korxonalarning 60 foiz rahbari bozorda raqobatning o‘sishi yaqin besh yil ichida ularning biznesini beqarorlashtirishi mumkin deb hisoblaydi. Mazkur ma’lumotlar CEO Survey global so‘rovnomasining O‘zbekistondagi birinchi sonida ma’lum qilindi. U 26-iyul kuni Toshkentda taqdim etildi, deb yozadi “Gazeta.uz”.
O‘zbekiston soni “Ehtiyotkor optimizm” deb nomlandi. PwC (PricewaterhouseCoopers) auditorlik tashkiloti fikricha, u O‘zbekiston kompaniyalari rahbarlarining kelajakka ishonchi va kayfiyatini aks ettiradi.
So‘rovnomada 30 nafar bosh ijrochi director (CEO — Chief Executive Officer) ishtirok etdi. Ular orasida davlat kompaniyalari yoki davlat nazorat qiluvchi kompaniyalar rahbarlari bor. So‘rovnoma ishtirokchilarining 97 foizini erkaklar tashkil etdi.
So‘rovnoma natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston CEO’ning 87 foizi yaqin yillarda o‘z kompaniyalari daromadlarining oshishiga ishonadi.
O‘zbekistonliklar o‘z biznesi o‘sishi istiqbollari nuqtai nazaridan Rossiya (67 foiz), Qozog‘iston (43 foiz), Xitoy (37 foiz), Turkiya (30 foiz) va Janubiy Koreyani (23 foiz) eng muhim mamlakatlar deb hisoblaydi.
So‘rovnoma ishtirokchilari iqtisodiyot o‘sishi tezlashuviga ishonch bildirdi (70 foiz), shuningdek, yaqin yilda xodimlari sonini oshirish rejasini ma’lum qildi (73 foiz). Shu bilan bir paytda, so‘rovnoma ishtirokchilarini malakali kadrlar tanqisligi tashvishlantiradi (60 foiz).
Izoh (0)