Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi Hukumat qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining Huquqiy axborot kanali xabar bermoqda.
Qarorga muvofiq, Toshkent axborot texnologiyalari universitetida va uning filiallarida 2018—2019-o‘quv yilidan boshlab axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasida kadrlar tayyorlash bo‘yicha o‘qitishning kredit tizimi joriy etildi.
Universitet va uning filiallari tarkibidagi akademik litseylarning ta’lim dasturlari zamonaviy axborot va pedagogik texnologiyalardan keng foydalanish asosida matematika, fizika, chet tili va axborot texnologiyalariga oid fanlar chuqur o‘qitilishi nazarda tutilgan holda chiqiladi.
Shuningdek, universitetda fundamental fanlar va muhandislik-texnika fanlari sohalari bo‘yicha doktorlik dissertatsiyalari himoyalarini o‘tkazishga mo‘ljallangan ilmiy kengashlar ochiladi.
Kredit tizimida talabaning ma’lum o‘quv kursini o‘zlashtirish darajasi turli mezonlar asosida belgilanadigan ma’lum miqdordagi kreditlar summasini yig‘ishiga bog‘liq bo‘ladi.
Yig‘iladigan umumiy kreditlar talabaning darslardagi faol ishtiroki, muayyan o‘quv kursi davomida olingan test natijalari, ilmiy izlanishlar, og‘zaki va yozma imtihonlar, amaliyot natijalari asosida belgilanadi.
Izoh (0)