Tailand shimolidagi g‘ordan qutqarib olingan 12 nafar o‘spirindan 11 nafari (bolalardan biri nasroniy diniga e’tiqod qiladi) va ularning murabbiyi buddizmga asosan rohiblikni qabul qilmoqda, deb yozmoqda Forum Daily.
Bolalar 9 kun davomida ibodatxonada bo‘ladi. Muddat tugagandan keyin bolalar futbol jamoasining murabbiyiga rohib, bolalarga esa shogird unvoni beriladi.
Buddizmda erkaklar umrida bir marta bo‘lsa-da vaqtinchalik rohiblikni qabul qiladi.
Erkaklar rohiblikka 18 yoshdan boshlab da’vo qilishi mumkin. Odatda yigitlar yozgi ta’til vaqtida ibodatxonalarga jo‘nab ketadi. Shogirdlikka qabul qilinganlar alkogol ichimliklari iste’mol qilmaydi, yolg‘on gapirmaydi, jinoyat sodir etmaydi va boshqa bir qancha taqiqlarga amal qilib yashaydi.
18 yoshdan 25 yoshgacha bo‘lgan yigitlar ikkinchi marta ibodatxonaga kelishi va bu safar rohib unvoniga erishishi mumkin.
Rohib bo‘lishdan maqsad — inson bilan o‘tmishda sodir bo‘lgan yomonliklardan forig‘ bo‘lish. Erkak kishi umri davomida bir necha marotaba rohib bo‘lishi mumkin.
Ibodatxonaga kelgan o‘smirlarning sochlari qirib tashlanadi va ularga maxsus kiyim-kechak beriladi. Bu tantanali marosim bo‘lib, bolalarning ota-onalari ham unda ishtirok etishi mumkin.
Bo‘lajak shogirdlar ibodatxonada kamida 1 hafta bo‘lishi kerak. Ular har kuni soat 04:00 dan boshlab ibodat va meditatsiya qiladi. Soat 05:00—05:30 larda ular ibodatxona joylashgan shahar yoki qishloqqa chiqib xayriya yig‘ib keladi.
Ibodatxonada bolalarga nonushta vaqtida meva beriladi. Bu odatda banan yoki mango bo‘lishi mumkin. Tushlik vaqti soat 10:40—11:00 larga to‘g‘ri keladi. Tushlikda bolalar qaynatilgan guruch va sabzavotlar iste’mol qiladi. Tushlikdan so‘ng faqat suv ichiladi, hech nima iste’mol qilishga ruxsat berilmaydi. Kun oxirigacha ular ibodat va meditatsiya qilish bilan mashg‘ul bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, o‘smirlar futbol jamoasining 12 nafar a’zosi Tailand shimolidagi Chiangray provinsiyasida joylashgan Kxao Luang g‘orida yo‘qolib qolgan. 3-iyul kuni qutqaruv xizmatlari bolalarni topgan. Evakuatsiya qilingan bolalarning hammasida infeksiya bilan zararlanish holatlari aniqlangan.
Izoh (0)