Samarqand viloyati Jomboy tumani Holvoyi mahallasida 100 yil avval qurilgan eski jadid maktabi bor. Asoschisi Saidahmad Siddiqiy—Ajziy bo‘lib, u jadidchilik harakatining peshqadam vakillaridan edi. Bugungacha ma’rifatparvar shoir asos solgan maktab e’tibordan chetda qolib kelayotgandi, deb yozadi O‘zA.
Yaqinda salkam vayrona holga kelib qolgan maktab binosini asl holicha tiklash ishlari boshlandi. To‘rt xonadan iborat tarixiy bino to‘liq restavratsiya qilinib, Ajziy merosini o‘zida jamlagan muzeyga aylantiriladi.
XX asrning boshlarida “Zarafshon” nomli kutubxona ham el orasida ancha shuhrat topgan. Holvoyidagi mazkur kutubxonada Rossiya, Qrim, Kavkaz, Tbilisi, Makka va boshqa shaharlarda chop etilgan nodir kitoblar jamlangan bo‘lib, ularni shoirning o‘zi xorijga qilgan safarlari chog‘ida keltirgani ma’lum. Eski jadid maktabining bir qismida ana shu kutubxona ham qayta tiklanadi.
Taniqli olim, professor Begali Qosimov 1989-yilda Ajziyning jadidchilik faoliyatini tadqiq etish uchun ushbu maktabga tashrif buyurgan. Ayanchli ahvolni ko‘rgach, borini saqlab qolish, muzeyga aylantirish haqida tuman mutasaddilari va aholiga murojaat qilgan.
Ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatlagan Ozod Sharafiddinov, Botirxon Valixo‘jayev kabi taniqli olim va ijodkorlar maktabga kelib, taklif va tashabbus ko‘rsatgan.
“Bobomiz Saidahmad Siddiqiyning merosi bizda qariyb saqlanmagan, — deydi shoirning evarasi Bahodir Bahronov. — 125 yillik yubileyida maktabga topshirganmiz. Hozircha, kimlarning qo‘lida ekani noma’lum. Joriy o‘quv yilidan 40—50 nafar boshlang‘ich sinf o‘quvchisi tarixiy maktabning zamonaviy o‘quv xonalarida tahsil oladi”.
Qurilish ishlari yakunlangach, muzeyni eksponatlar bilan boyitish kerak bo‘ladi. Shoir, publitsist, tarjimon, munaqqid, maorif xodimi sifatida faoliyat yuritgan Ajziydan boy ma’naviy meros qolgan.
Sherzod Isoqulov, “Jomboy tongi” muxbiri
Izoh (0)