Avvalroq O‘zbekiston milliy terma jamoasi futbolchisi Odil Ahmedov, turon yakka kurashi bo‘yicha xalqaro turnirlar g‘olibi Nargiza Vahobxo‘jayeva hamda yana bir qancha aktyor va sportchilarning Toshkentda masjid qurish rejasi borligi haqida ma’lumot berilgan edi, deb yozadi O‘zA.
Bu g‘oyani Toshkent shahar hokimining jamoat va diniy tashkilotlar bilan aloqalar bo‘yicha o‘rinbosari Shuhrat Turdiqulov qo‘llab-quvvatlagani ma’lum qilingan edi. Shuhrat Turdiqulov Nargiza Vahobxo‘jayevaga Toshkentning Sergeli tumanida masjid qurishni tavsiya qilgan.
Nargiza Vahobxo‘jayevaning aytishicha, u hamon masjidning tashkiliy ishlari bilan band. Ya’ni hozircha masjid joyi aniqlanmagan. Nargiza Sergeli tumani hokimi bilan masjidga ajratiladigan 40 sotix yerni borib ko‘rgan. Lekin u masjidni Toshkent markazida qurishni rejalashtirmoqda.
“Avval, masjidni Sergeli tumanida qurishni ko‘zlagan edik. Keyinchalik, O‘zbekiston musulmonlari idorasining masjidlar bilan ishlash bo‘limi bilan birgalikda poytaxt markazida qurishni maslahatlashdik. Masjid kichik bo‘lsa-da, u shahar markazida bo‘lgani ma’qul. Shuningdek, unda qorilar rus va ingliz tilida ham ma’ruza qila olishi kerak. Maqsadimizda, shahrimizga kelgan mehmonlar uchun, markaziy mehmonxonalarga yaqin joyda masjid barpo qilish hamda sayyohlar uchun boshqa tillarda ham ma’ruzalar qilinishi ko‘zlangan.
Men aktyor Yoqub Ahmedov bilan birgalikda sportchi va aktyorlar homiyligida quriladigan masjidning tashkiliy ishlari bilan shug‘ullanyapman. Aktyor va sportchilar mendan ularning nomini oshkor etmasligimni iltimos qilgan. To‘g‘risi, masjid qurilishi ovoza bo‘lgach ular meni juda ko‘p koyidi. Chunki bunday ishlar odatda ovoza qilinmaydi”, — deydi Nargiza Vahobxo‘jayeva.
Izoh (0)