19-iyul kuni soat 05:17 da Toshkent shahar Mirobod tumani Nukus ko‘chasi 71-uyda joylashgan Sigma biznes markazining 4-qavatida joylashgan Sog‘lomlashtirish markazi saunasida yong‘in chiqdi.
Mirobod tumani Yong‘in xavfsizligi inspektori Farhod Abdullayevning UZ24’ga ma’lum qilishicha, Toshkent shahar IIBB YoXBning Jangovar bo‘linmalari tomonidan ko‘rilgan tezkor harakatlar natijasida yong‘in soat 05:49 da bartaraf etilgan. Yong‘in oqibatida Sigma biznes markazi binosining tashqi qoplamasi 30 kvadrat metr maydoni hamda saunaning 25 kvadrat metr maydoni zararlangan. Jabrlanganlar yo‘q.
Dastlabki taxminlarga ko‘ra, hodisaga saunada o‘rnatilgan elektr isitgich moslamasi o‘rnatishda yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya qilinmagani sabab bo‘lgan. Hozirda keltirilgan moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.
Toshkent shahar IIBB Yong‘in xavfsizligi boshqarmasi, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha obyekt rahbar va xodimlarini yong‘in xavfsizligi qoidalariga qat’iy rioya etishlarini so‘raydi.
Izoh (0)