12-iyun kuni Toshkentning Yunusobod tumanida joylashgan Cristal supermarket binosida sodir bo‘lgan yong‘indan so‘ng, poytaxt hududida joylashgan yirik savdo-ko‘ngilochar majmualarida aholi xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan tadbirlar kuchaytirildi. Bu haqda “Daryo”ga Toshkent shahar IIBB Yong‘in xavfsizligi boshqarmasi ma’lum qildi.
Hozirgi kunda poytaxt hududida joylashgan yirik savdo-ko‘ngilochar majmualarida yong‘in xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan tashkiliy tadbirlar ko‘rilayotganligi yuzasidan kompleks o‘rganishlar o‘tkazilmoqda. O‘rganishlarda asosiy e’tibor obyektlarda yong‘inni avtomatik ravishda sezish va ovozli xabar berish, shuningdek, tutunni haydab chiqarish qurilmalari sozligiga, zaxira chiqish yo‘llarining holatiga, yong‘in vaqtida yo‘nalishni ko‘rsatuvchi belgilar va avariyaviy yoritish tizimi mavjudligiga, birlamchi yong‘in o‘chirish vositalarini sozligiga, markazlar xodimlari yong‘in yoki boshqa favqulodda holatlar sodir bo‘lganda o‘z vazifalarini qay darajada bilishlari o‘rganilib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda.
Savdo-ko‘ngilochar majmualari ishchi xizmatchilarini sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan yong‘inlarni bartaraf etish va insonlarni tezda evakuatsiya qilishni tashkil etish bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borilmoqda.
Hozirgi kunda poytaxt xududida joylashgan yirik savdo-ko‘ngilochar majmualarida Yong‘in xavfsizligi xizmati xodimlarining tunu-kun navbatchiligi tashkil etilgan.
Izoh (0)