Mudofaa vazirligiga qarashli oromgohlarda harbiy xizmatchilarning farzandlari yozgi ta’tilni mazmunli o‘tkazishlari uchun turli ko‘ngilochar tadbirlar hamda sport musobaqalari o‘tkazib kelinmoqda. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati “Daryo”ga xabar berdi.
Jumladan, Buxoro shahridagi “Yosh quruvchi”, “Bunyodkor”, “Nihol”, Xorazm viloyatidagi “Nilufar”, Samarqanddagi “Yo. Tursunov” nomidagi sog‘lomlashtirish oromgohlarida harbiy xizmatchilarning farzandlari maroqli hordiq chiqarishlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan.
Toshkent viloyatidagi “Tong” oromgohida bolajonlarning ko‘ngilli dam olishlari uchun tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan. Ushbu rejaga binoan, deyarli har kuni oromgohda turli intellektual o‘yinlar, sport musobaqalari, uchrashuvlar va davra suhbatlari o‘tkazilmoqda.
Sog‘lomlashtirish markaziga tashrif buyurgan bolakaylar “Mamlakatda bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlarini tashkil qilish, saqlash va tartibga solishning sanitariya qoidalari” talablariga javob beradigan normalar asosida ovqatlanmoqda.
“Oshxonamizda autsorsing tizimi joriy qilingan. Bilasiz, tajribadan o‘tgan tizim bu. Eng muhimi ovqatlarimiz bolalarga manzur. Yangi ovqat pishiradigan pechlar, non mahsulotlari pechi, oziq-ovqatni saqlash uchun alohida muzlatkichlar sotib oldik. Ya’ni idish-tovoqlardan tortib, qozonlargacha yangiladik. Bu esa oshxona xizmatining sifat jihatdan barcha talablarga javob berishini ta’minlaydi. Taom pishirish jarayonida xodimlarimiz tozalikka katta e’tibor beradi. Chunki tozalik qat’iy nazorat ostida.
Har kuni oromgohning sanitar shifokori mahsulotlarga ishlov berishdan tortib qozonga solinishigacha, idishlarning yuvilishidan tortib, dizinfeksiya qilinishigacha nazorat qiladi. Belgilangan me’yor bo‘yicha bolalarga kun davomida olti mahal ovqat beriladi. Ularning ovqatlanish ratsionidan tuxum, sut, saryog‘, pishloq va go‘sht kabi oqsilga boy mahsulotlar va vitanminga boy mevalar o‘rin olgan. Biz ovqat pishirishda bolalarning xohish-istagini ham inobatga olamiz. Yana taomnomada milliy taomlarga ham alohida o‘rin ajratilgan”, – deydi oshxona boshlig‘i, “Kanzas elit savdo” firmasi rahbari Dilfuza Abdullayeva.
Eslatib o‘tamiz, “Tong” hamda “Yo. Tursunov” bolalar sog‘lomlashtirish maskani mavsum oldidan qayta ta’mirlanib, foydalanishga topshirilgan edi.
Izoh (0)