O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasining Toshkent viloyati hududiy boshqarmasi ko‘magida joriy yilning 6—7-iyul kunlari Tojikiston Respublikasining Xo‘jand shahrida “SUG‘D-2018” xalqaro ko‘rgazma-yarmarkasida 100 dan ortiq mahalliy tadbirkor ishtirok etib, ularning 42 nafari o‘z mahsulotlarini taqdim etdi. Bu haqda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasining matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ushbu ko‘rgazma–yarmarkada tadbirkorlar tomonidan elektrotexnika vositalari, qurilish materiallari, oziq-ovqat, trikotaj, kosmetika, polimer mahsulotlari, avtomobil ehtiyot qismlari, muqobil manbalardan foydalangan holda elektr energiya ishlab chiqaruvchi texnologik uskunalar namoyish etildi.
Xalqaro “SUG‘D-2018” ko‘rgazma-yarmarkasida shuningdek, Rossiya Federatsiyasi, Birlashgan Arab Amirliklari, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Germaniya, O‘zbekiston, Janubiy Koreya davlatlari tadbirkorlari hamda Xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari vakillari ishtirok etdi.
Mazkur ko‘rgazma davomida Tojikiston Respublikasiga “Xalqaro investorlarni jalb qilish, raqobatbardosh mahsulotlarni ishlab chiqarish, qo‘shni davlatlar bilan savdo aloqalarini rivojlantirish” mavzusida konferensiya ham tashkil etildi.
O‘tgan davr mobaynida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi ko‘magida Xo‘jand shahrida O‘zbekiston savdo uyi tashkil etildi. “Saxovat” bozorida o‘zbekistonlik tadbirkorlarning mahsulotlarini sotish tashkil qilindi.
Tashkillashtirilgan ko‘rgazma davomida O‘zbekiston va Tojikiston korxonalari tomonidan o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida memorandumlar imzolandi. Shu bilan birga, “SUG‘D-2018” xalqaro ko‘rgazma-yarmarkasida ishtirok etgan tadbirkorlik subyektlari tomonidan jami 6 million AQSh dollari miqdoridagi eksport shartnomalari imzolandi.
Izoh (0)