Tennessi shtati Brentvudda yashovchi Anjela Rayt jigarrang o‘rgimchak tishlab olgandan so‘ng davolanib chiqdi. Gallyutsinatsiyalar, harakatlanishdagi muammolar va bezgak kabi jiddiy asoratlarga qarshi davo muolajalarini olib, uyga qaytgan ayol kvartirasida xuddi shunday o‘nlab o‘rgimchaklarga duch keldi, deb yozadi ForumDaily.
Anjela o‘rgimchak tishlab olgandan so‘ng yura olmay qolgani uchun zudlik bilan shifoxonaga yotishga majbur bo‘ldi. Shifokorlar biroz kechikish ayolning o‘limiga olib kelishi mumkinligini ma’lum qilgan.
Jigarrang o‘rgimchaklarning bu turi zaharli hisoblanadi. Ayol, bir necha soatga, masalan ertalabgacha shifoxonaga kelmaganda, insultdan vafot etishi mumkin edi.
Anjela uyiga qaytgach, yana o‘rgimchaklarga duch kelgach, turar-joy boshqaruvchisiga qo‘ng‘iroq qildi. Unga yordam uchun zararkunandalarga qarshi kurashuvchi xodimlar yuborildi. Biroq ayolning so‘zlariga qaraganda, ular aytarli yordam bera olmagan: o‘rgimchaklar hamma joyda — karavotda, shiftda, maishiy texnika, hatto oyoq kiyimda ham bo‘lgan.
Rayt kvartirasida jami 50 ga yaqin o‘rgimchakni sanadi. Hozir Anjela boshqa joyga ko‘chib o‘tgan va ijara shartnomasini rasman bekor qilishga umid qilmoqda.