Navoiy viloyatida iste’dodli va ixtirochi yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning izlanishi uchun zarur sharoit yaratish, o‘zaro tajriba almashish va turli innovatsion g‘oyalarni yuzaga chiqarish maqsadida tashkil etilgan “Yosh olimlar” klubi faoliyat boshlaganiga ko‘p bo‘lgani yo‘q. Yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash markazi viloyat bo‘limi ko‘magida tashkil etilgan klubing moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, zarur jihoz va anjomlar, adabiyotlar bilan ta’minlash maqsadida 70 million so‘m mablag‘ ajratildi, deb yozadi O‘zA.
Mazkur klub sardori Humoyun Haydarov Karmana tumanidagi 21-umumta’lim maktabi o‘quvchisi. Hali yosh bo‘lsa-da, havas qilarli yutuqlarga erishgan. Joriy yil yanvar oyida Toshkent shahrida o‘tkazilgan “Yosh ixtirochilar – 2018” tanlovida “Eng yaxshi muhandislik ishi” nominatsiyasi g‘olibligini qo‘lga kiritdi. Mazkur tanlovga u “Aqlli ventilyator” va Crane deb nomlangan ixtirolarini taqdim qilgan edi.
Keyinchalik viloyat miqyosida tashkil etilgan innovatsion yarmarkada qatnashib, o‘zi yaratgan “Mobil muzlatgich” va “Multimetr” qurilmalari uchun viloyat hokimligining 10 million so‘mlik grantiga sazovor bo‘ldi va unga Xitoy Xalq Respublikasiga yo‘llanma ham berildi.
Bu loyiha yarmarkada yuqori baholanib, robototexnika va mexatronika yo‘nalishida mutlaq, g‘olib deb topildi.
Yana bir yosh ixtirochi Bobur Turobov Karmana tumanidagi “Giyoh” xususiy klinikasida ishlaydi. U Navoiy tibbiyot kollejida tahsil olib yurgan kezlaridayoq o‘z g‘oyasi ustida jiddiy ish olib bordi. Bo‘lajak tibbiyot xodimi poliklinikalardagi qog‘ozbozlik, ortiqcha vaqt va mablag‘ sarflashning oldini olish maqsadida o‘ziga xos kompyuterlashtirilgan dastur yaratish ustida bir necha yil izlandi va nihoyat “Bioelektron laboratoriya ilovasi“ deb nomlangan mobil dasturni ixtiro qildi.
Ayni kunlarda mazkur dastur bir nechta xususiy klinikalarda amaliyotda muvaffaqiyatli sinab ko‘rildi. Yosh ixtirochi kelgusida o‘z bilim va malakasini oshirib, ilmiy izlanishlarini davom ettirishni maqsad qilgan.
Izoh (0)