Rossiyaga tashrif buyurgan AQSh kongressi a’zosi, senator Jon Nili Kennedi Moskvaga nisbatan shafqatsiz choralar ko‘rilishi mumkinligini ma’lum qilgan. Bu haqda senator “Korrespondent” gazetasiga bergan intervyusida aytib o‘tgan, deb yozmoqda “Gazeta.ru”.
“AQSh vakillarining Moskvaga tashrifiga javoban Rossiya delegatsiyasi Vashingtonga taklif qilinadimi?”, — degan savolga senator buning uchun AQSh Rossiyaning o‘zini tutishi o‘zgarganini ko‘rishi kerakligini ma’lum qilgan.
“Rossiya hukumat vakillarining aytishicha, sanksiyalar mamlakatga hech qanday zarar keltirmagan, biroq aslida unday emas. Umid qilamanki, Rossiyaga nisbatan bir yo‘la shafqatsiz choralarni tatbiq qilishimizga to‘g‘ri kelmaydi”, — deydi senator.
“Shafqatsiz choralar” deganda nimani nazarda tutgani so‘ralganida senator aniq javobdan qochgan va hammasi Rossiyaga bog‘liqligini aytgan. Senator AQSh va Rossiya munosabatlarining yaxshilanishiga umid qilishini qo‘shimcha qilgan.
“Shaxsan men buni juda ham istagan bo‘lardim. Biroq munosabatlarning yaxshilanishi uchun Rossiya hukumati o‘zini tutishini o‘zgartirishi kerak. Hammasi juda oddiy”, — deya senator so‘zini yakunlagan.
Avvalroq Davlat dumasi spikeri Vyacheslav Volodin Rossiya parlamenti vakillari kuz oylarida Vashingtonga tashrif buyurishi mumkinligini ma’lum qilgan.
Izoh (0)