Oliy Majlis Senatining o‘n beshinchi yalpi majlisida ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov inson huquqlari buzilishining oldini olish, gumon qilinuvchi va ayblanuvchilarga nisbatan zo‘ravonlik va shafqatsizlikning har qanday ko‘rinishlariga mutlaqo chek qo‘yish e’tiborda ekanini ta’kidladi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Shu maqsadda tergov izolyatorlari va tergovchilar xonasida so‘roq jarayonini stenografiya qilish, tergov harakatlarini audio va video qayd etish tizimlari joriy etilgan.
Vazirlik huzuridagi Tergov departamenti va uning quyi tizimlari tomonidan 2018-yilning o‘tgan davrida 19,5 mingdan ziyod jinoyat ishi tergov qilinib, ularning 13 mingga yaqini bo‘yicha tergov harakatlari tugatildi va sudga taqdim etildi. Bu boradagi ko‘rsatkich avvalgi yilga nisbatan 3,5 foizga yaxshilandi.
Tergovchilarning jinoyatga aloqador shaxslardan gumonlanuvchilarni aniqlash ishlari yaxshilangani bois fosh etilmasdan qolgan jinoyatlar soni 1,5 mingdan ziyodni tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 59,3 foizga kamayishiga erishildi.
Shu bilan birga, joriy yilning o‘tgan davrida Prezident farmoniga asosan 381 nafar fuqaroligi bo‘lmagan shaxs O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilindi.
Toshkent shahri va Toshkent viloyati hududida doimiy yashash ro‘yxatiga olinishi lozim bo‘lgan fuqarolarning qariyb 15,5 ming nafari ro‘yxatga olindi.
Hisobot davrida jami 4 344 jinoyat patrul-post naryadlari tomonidan fosh etildi, 331 jinoyatning oldi olindi, jinoyat sodir etganligi uchun qidiruvda bo‘lgan 467 nafar shaxs aniqlandi.
Hisobot davrida xizmat itlari yordamida jami 1 625 jinoyat fosh etilib, 83,2 kilogram turli xildagi giyohvand moddalar, 20 dona o‘qotar qurol, 87 dona o‘q-dori aniqlanib, olindi.
Buning natijasida respublika miqyosida jamoat joylarida sodir etilgan jinoyatlar soni 409 taga, ko‘chalarda sodir etilgan jinoyatlar soni 282 taga kamayishiga erishildi.
Izoh (0)