27-iyun — Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan O‘zbekiston “Adolat” SDP Siyosiy Kengashi Markaziy apparatida tadbir tashkil etildi, deb yozadi O‘zA.
Tadbirda O‘zbekiston “Adolat” SDP Siyosiy Kengashi raisi Narimon Umarov jurnalistlarni kasb bayrami bilan qutladi.
“Ommaviy axborot vositalari har doim jamiyat taraqqiyotining ko‘zgusi, kishilarning ongi, dunyoqarashi, siyosiy saviyasining shakllanishida asosiy vositalardan biri bo‘lib kelgan. Ayniqsa, keyingi ikki yil ichida jamiyatimizning barcha sohalaridagi yangilanishlar va izchil islohotlar sharoitida OAVlarning faoliyatida ham yangicha yondashuvlar paydo bo‘lmoqda. Ya’ni, bugun televidenie, radio, matbuot va ayniqsa, internet saytlari nafaqat qo‘lga kiritilayotgan yutuqlar balki, xalqimizni qiynayotgan muammolarni ham dadil olib chiqayotgani islohotlarimiz samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda.
Shunga qaramay hali ommaviy axborot vositalarining jamiyatdagi rolini yanada kuchaytirish, jurnalistlarning kasbiy faoliyatini himoya qilish borasida yechimini kutayotgan masalalar ham yo‘q emas.
Joriy yilda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan ‘Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida’gi qonunga bir qator o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Unga ko‘ra, jurnalistlarning huquqlari to‘la ko‘rsatib berildi.
Shu bilan birga, kelgusida ommaviy axborot vositalarining moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash, soha xodimlarining mehnatini moddiy va ma’naviy rag‘batlantirishga qaratilgan normativ-huquqiy mexanizmlarni yaratish zarur.
Qolaversa, bugungi kunda nodavlat ommaviy axborot vositalarining tobora kengayib borayotgan tarmog‘i faoliyatining, mualliflik huquqi va intellektual mulk himoyasining, shuningdek, axborot sohasiga bozor mexanizmlarini joriy etishning normativ-huquqiy bazasini takomillashtirish ham dolzarb vazifalardan sanaladi”, — dedi O‘zbekiston “Adolat” SDP siyosiy kengashi raisi Narimon Umarov.
Tadbir yakunida O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasining g‘oya va maqsadlari, amalga oshirgan ishlarini keng jamoatchilikka namoyon etishda faollik ko‘rsatib kelayotgan bir guruh jurnalistlar partiyaning qimmatbaho sovg‘alari va tashakkurnomasi bilan taqdirlandi.
Izoh (0)