Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi “Chimyon” sog‘lomlashtirish markazida “Chimyon sadosi—2018” 40-Xalqaro ekologik-turistik festivali bo‘lib o‘tdi, deb yozmoqda O‘zA.
Festival doirasida “Biz—toza Chimyon uchun” aksiyasi hamda “Ochiq osmon ostida ekomaktab” mashg‘ulotlari tashkil etildi.
Xususan, “Biz—toza Chimyon uchun” aksiyasi doirasida 100 dan ortiq mehmonlarga maishiy chiqindilarni yig‘ish uchun maxsus xaltachalar tarqatildi. Aksiya yakunida ishtirokchilar yig‘gan chiqindilar Bo‘stonliq tuman “Toza hudud” davlat unitar korxonasining maxsus transport vositalarida olib ketildi.
O‘zbekiston ekologik harakatining “Buloqcha”, “Rodnichok” bolalar jurnallari tomonidan “Yoshlar va bolalarning ekologik dunyoqarashini shakllantirishda OAVlarning ta’siri” loyihasi tashkil qilindi. Loyiha Oliy Majlis huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi ko‘magida amalga oshirilgan.
Ochiq osmon ostida o‘tkazilgan mashg‘ulotlarning asosiy mavzusi bioxilma-xillikni asrashga qaratilgan bo‘lib, qiziqarli o‘yinlar va tanlovlar asosida tashkil etildi.
“Biz—toza Chimyon uchun” va “Ochiq osmon ostida ekomaktab” aksiyalarida faol ishtirokchilarga faxriy yorliqlar, esdalik sovg‘alari va adabiyotlar to‘plami topshirildi.
Izoh (0)