Surxondaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi huzuridagi tergov boshqarmasida so‘roq jarayonlarini stenografiya qilish, videokuzatuv, shuningdek, tergov harakatlarini audio va video shaklida qayd etish tizimlari bilan jihozlangan kompleks tashkil etildi. Bu haqda Surxondaryo viloyati IIB jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo‘limi “Daryo”ga xabar berdi.
Kompleks maxsus tergov xonasi, voyaga yetmaganlarni so‘roq qilish xonasi va operator xonasidan iborat.
Kompleksning qurilishida jabrlanuvchi va guvohlarni aybdor bilan yuzlashtirishda amal qilinadigan xalqaro me’yorlar inobatga olingan. Ya’ni, gumondor shaxs o‘ziga nisbatan ko‘rsatma berayotgan guvoh yoki jabrlanuvchi bilan yuzma-yuz ko‘rishmaydi, balki alohida xonada o‘rnatilgan monitor orqali ularni ko‘radi. Guvoh yoki jabrlanuvchi gumondorni ko‘rmaydi. Negaki jinoyatga aloqador shaxsni ko‘rgan jabrlanuvchi ruhiy zarba olishi mumkin. Bu esa so‘roq jarayonini qiyinlashtiradigan holat hisoblanadi. Shuning uchun, kompleksda kuzatuv kameralari o‘rnatilgan, tasvirni kerakli xonadagi monitorga uzatish bilan esa operatorlar shug‘ullanadi.
Izoh (0)