Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki Rossiyaga kredit berishni qayta tiklashni rejalashtirmayapti, ammo O‘zbekistonning uzoq vaqtlar davomida ortga surilgan bozor islohotlarini amalga oshirish qaroridan keyin, Markaziy Osiyoga nisbatan optimistik kayfiyatda. Bu haqda bank prezidenti Suma Chakrabarti Reuters’ga bergan intervyusida aytib o‘tdi, deb yozadi Spot.
Bank Rossiyaga kreditlar ajratishni 2014-yilda Moskvaning Ukrainadagi nizolardagi ishtiroki tufayli to‘xtatib qo‘ygan edi, Chakrabarti YeTTBning bu boradagi pozitsiyasi o‘zgarmaganini aytdi.
Chakrabarti Ostonaning Shengen vizasining osiyocha varianti — Silk viza’ni yaratish taklifini ma’qulladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bank o‘tgan yili O‘zbekistonga 100 million yevrodan ortiq mablag‘ kiritgan va kelajakka ko‘plab loyihalarni rejalashtirgan.
Chakrabartining qo‘shimcha qilishicha, mamlakatni rivojlantirish strategiyasi ustidagi ishlarni yakunlash uchun Toshkentga sentabrda tashrif buyurishni rejalashtirmoqda, strategiyani YeTTB boshqaruvchilar kengashi shundan keyin bir oy o‘tib ma’qullashi kerak.
Toshkent tomonidan xususiylashtirilishi mumkin bo‘lgan sohalar haqida gapirar ekan, u bank sektori birinchilardan bo‘lib ochilishi muhim ekanligini, chunki bu resurslarni samarali tarzda yo‘naltirish imkonini berishini aytdi.