3-iyun kuni Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida Spark mashinasi yo‘lning qarama-qarshi tomonda harakatlanayotgani tasvirlangan video ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlarda tarqaldi. Toshkent viloyati YHHBning “Daryo”ga ma’lum qilishicha, Spark haydovchisiga chora ko‘rish maqsadida avtoulovni qidirish tadbirlari ko‘rildi.
Qidiruv va surishtiruv natijasida Spark mashinasi va uning haydovchisi topildi. YPX inspektorlari 1996-yilda tug‘ilgan qizga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 128-5-moddasi bo‘yicha ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirdi. Haydovchi eng kam ish haqining 10 baravari miqdorida — 1 722 400 so‘m jarimaga tortildi.
Spark haydovchisining haydovchilik guvohnomasi olib qo‘yilgani va ogohlantirish talonining amal qilish muddati o‘tib ketganligi sababli avtoulov vaqtinchalik jarima maydoniga qo‘yildi.