Xorijlik sayyohlarning O‘zbekiston haqidagi iliq taassurotlarini tinglashga o‘rganib qolganmiz. Ular asosan o‘zbek xalqining mehmondo‘stligi va milliy taomlarini ko‘klarga ko‘taradi. Sayyohlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, servis xizmati haqida deyarli lom-lim demaydi, deb yozadi O‘zA.
Turizm sohasini rivojlantirishga katta e’tibor qaratilayotgan ayni paytda xorijlik sayyohlarning ham fikrlariga quloq solish kerakmasmikan?
“Men Turkiyaning kurort shahri bo‘lgan Antaliyada o‘qiyman, shu bois turizm bo‘yicha o‘z qarashlarim bor, — deydi Akdeniz universiteti doktoranti, moldovalik Dmitriy Neagu. — Buxoro, Samarqand shaharlarga uyushtirilgan sayohatlar davomida ko‘rganlarimdan kelib chiqib, ba’zi bir mulohazalarimni bildirmoqchiman.
Odatda, sayyohlik industriyasi rivojlangan mamlakatlarda turistlarga bir tur davomida kompleks dastur taklif etishadi va unga umumiy xarajat stavkasi belgilanadi: transport, ovqatlanish, suv havzalari, tarixiy obyektlarga tashrif, gid xizmati va h.k. O‘zbekistonda shu jihatdan biroz oqsash bor ekan: har bir obidaga borganda biz alohida pul to‘ladik, u yerdagi qo‘shimcha xizmatlarga ham alohida pul olishar ekan. Buxoro, Samarqand, Xiva kabi shaharlardagi tarixiy obidalar vakillari o‘zaro kelishib, mahalliy va xorijiy shaxslar uchun bitta to‘lov tizimini joriy etishi mumkinku.
Ko‘rsatiladigan xizmatlar va sotib olishi mumkin bo‘lgan tovar va mahsulotlarning o‘rtacha narxini chiqarib, kichik buklet ko‘rinishida tarqatish kerak. Sayyohlarda bunga ehtiyoj katta. Qolaversa, har bir sayyohning qo‘lida yo‘nalish xaritalari bo‘lishi lozim”.
“Avtoturargohlarda noqulayliklarni kuzatdim, ularni zamonaviy talablar asosida tashkil qilish kerak, deb o‘ylayman”, — deydi Kuniya shahridagi Selchuk universiteti talabasi, bangladeshlik Labib Faysal Xan.
“O‘zbekistondagi tarixiy obidalar, asosan islom olamida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan yirik shaxslar sharafiga qurilgan, — deydi Izmirdagi “9-sentabr” universiteti doktoranti, qirg‘izistonlik Dostonbek Razzoq o‘g‘li. — Tabiiyki, bu yerga keluvchilar ham islom diniga e’tiqod qiluvchilar bo‘ladi. Ular bunday muborak joylarda namoz o‘qib, ulug‘ insonlarning ruhiga duo qilishni istaydilar. Ammo biz borgan manzillarning ko‘pida tahorat olish uchun sharoit yaratilmaganiga guvoh bo‘ldik. Hojatxonalar ham talablarga javob bermaydi”.
Serbiyalik Elmaza Sabanovich, Marmara universiteti 3-kurs talabasi:
— Yevropadan kelgan sayyoh O‘zbekistonda hech bo‘lmasa rus tilini bilmasa qiynalar ekan. Tarixiy obyektlarni tomosha qilish maroqli, ammo turist uchun buning o‘zi yetarli emas. Chet ellik odamlarni qiziqtirish uchun turli tadbirlarni uyushtirish kerak. Masalan, Istanbuldagi Do‘lma Baxche saroyida maktublar yoziladi. Bu Otaturk yashagan va vafot etgan saroy bo‘lib, agar Otaturk tirik bo‘lganida qanday tilak va istaklaringiz bo‘lgan bo‘lardi qabilida... so‘ng ularning ichidan yaxshilari tanlanib, saytga qo‘yiladi, ya’ni ziyoratchilarni qiziqtirishadi.
Moldovalik Anna-Mariya Panku, Kayseri shahridagi Erjiyes universiteti magistranti:
— O‘zbekiston haqida G‘arbiy Yevropada targ‘ibot bor shekilli, sayohat davomida Germaniya, Fransiya kabi mamlakatlardan kelgan insonlarni uchratdim. Ammo polyaklarga, vengrlarga (vaholanki ularning o‘zbek zaminiga tarixan bog‘liqlik tomoni bor), slovaklarga, bolgarlarga O‘zbekiston haqida ma’lumot berilmaydi? Menimcha, aynan shu hududlarda O‘zbekiston targ‘ib qilinsa, bu yerga kelishni istovchilar aynan shu yerda ko‘proq topiladi. Masalan, mening otam ham sovet zamonida geolog sifatida Vataningizga kelgan. Birinchi marta mazkur loyiha haqida eshitganimda, otam borgan yurtga borish ishtiyoqi uyg‘ongan edi.
Izoh (0)