“Umid nihollari” sport musobaqalarining Buxoro viloyati bosqichi g‘olib va sovrindorlarini sharaflash marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Umumta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan “Umid nihollari” sport o‘yinlari oldingilaridan ommaviyligi bilan ajralib turdi. Unda o‘n yillik ta’lim tizimi joriy etilishi natijasida yuqori sinf o‘quvchilari ham ishtirok etdi. Shuningdek, bu yilgi sport o‘yinlari dasturiga milliy kurash, turon yakka kurashi, belbog‘li kurash, o‘zbek jang san’ati turlari ham kiritildi.
Viloyatda “Umid nihollari”ning 9-10-sinf o‘quvchilari (badiiy gimnastika bo‘yicha 7-10-sinf o‘quvchilari) o‘rtasidagi musobaqalarda 10 mingdan ziyod o‘g‘il-qiz ishtirok etdi. Ular orasidan saralangan 2496 nafar yosh bahslarning viloyat bosqichida o‘z mahoratini sinovdan o‘tkazdi. Jami 746 nafari medallarga sazovor bo‘ldi.
Umumjamoa hisobida G‘ijduvon tumani vakillari g‘olib bo‘ldi. Ularga Prezident sovg‘asi — Damas avtomashinasi topshirildi. Ikkinchi va uchinchi o‘ringa sazovor bo‘lgan Buxoro shahri hamda Vobkent tumani jamoalari tegishli darajadagi kubok, diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Tadbir yosh sportchilarning ko‘rgazmali chiqishi, san’atkorlar tomonidan namoyish etilgan konsert dasturi bilan yakunlandi.
Izoh (0)