Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

Kecha, 1-may sanasida Rio-2016 Olimpiya o‘yinlari kumush medali sohibi, Jahon va Osiyo chempioni Shahram G‘iyosov Milliy olimpiya qo‘mitasiga tashrif buyurganligi haqida xabar berilgan edi. Milliy olimpiya qo‘mitasi esa bokschi bilan intervyu uyushtirdi. U suhbat davomida Tokioda bo‘lib o‘tadigan Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etishi borasidagi savolga ham aniqlik kiritdi. “Daryo” intervyuni to‘liqligicha e’tiboringizga havola etadi.

Foto: Google Images

Foto: Google Images

— Ayni paytda O‘zbekistonda sportchilarga e’tibor kuchaygan. Biz uchun barcha sharoitlar yaratib berilmoqda. O‘z navbatida menga ham zarur shart-sharoitlarni yaratib berishga tayyor ekanliklarini ma’lum qilishdi. Rahbariyat sportchilarimizni yangi darajaga ko‘tarish niyatida. Bundan biz juda xursandmiz. Chunki bunday e’tibor har doim ham bo‘lavermagan. Endi biz shunga yarasha mehnat qilamiz. Ortimizda butun o‘zbek xalqi turganini sezib turamiz. Bu bizga qo‘shimcha kuch bag‘ishlaydi. Uchrashuv davomida Umid Mahamadjonovich rag‘bat haqida gapirib o‘tdilar. Endi natija qay darajada yuqori bo‘lsa, rag‘bat ham shunga yarasha bo‘lar ekan.

—Odatda bokschilar professional ringga o‘tganidan so‘ng ko‘pchilikni nazaridan chetda qoladiganidek tasavvur uyg‘onadi. Masalan, havaskor boksda Olimpiya o‘yinlari yoki jahon chempionatlarida muvaffaqiyatga erishgan sportchilar doimo mutaxassislar, muxlislar, matbuot diqqat markazda turadi. Barcha ularni qo‘llab-quvvatlaydi. Ammo, professional boksga o‘tganidan so‘ng omma fikricha, “u ko‘proq pul topish maqsadida xorijga jo‘nab ketdi” degan tasavvur uyg‘onardi. Bugun Umid Mahamadjonovich bilan uchrashgandan so‘ng bu borada qarashlar o‘zgarganini sezdingizmi?

—O‘zgarishlar katta. Biz professional boksga o‘tdik. Bilasiz, barcha joyda daraja, saviya turlicha. Masalan, men Jahon va Osiyo chempioni bo‘ldim, Olimpiadada kumush medal sohibiga aylandim. Xudoga shukr, havaskor boksda qo‘lga kiritilishi mumkin bo‘lgan deyarli barcha medallarga sazovor bo‘ldim. O‘z maqsadimga erishganimdan so‘ng menga yangi chaqiruvlar, yangi marralar kerak edi.

Bungacha professional boksda O‘zbekistondan mutloq jahon chempioni chiqmagan. Men aynan shuni o‘z oldimga maqsad qilib qo‘yganman. Shukrki, o‘z oldimga qo‘ygan maqsadlarimga birma-bir erishib kelyapman. Navbatdagi maqsadim – professional boksda O‘zbekistonimiz bayrog‘ini ko‘tarib, mutloq jahon chempioni bo‘lish.

Avvallari, xorijiy mamlakatlarda O‘zbekistonni Pokiston, Afg‘oniston kabi mamlakatlar bilan adashtirishardi. Hozir esa AQShda o‘zbek ekanligimni ko‘rib, menga qarab “Rio de-Janeyro?” deyishyapti. Men ham buni tasdiqlayman. Riodagi natijalarimiz sabab bizni shu tarzda taniy boshlashdi. Endi O‘zbekiston deganda kuchli-kuchli sportchilar, mutlaq jahon chempionlari bor mamlakatni bilishsin.

—Bugungi uchrashuvda, MOQ rahbari sizni Tokiodagi Olimpiya o‘yinlariga taklif qildi. Shahsan o‘zingizda yana bir marotaba Olimpiadada ishtirok etib, endi kumush emas, oltin medalga ega chiqish orzusi bormi? Umuman bu taklifga qanday munosabat bildirasiz?

—Rostini aytsam Olimpiya o‘yinlaridan so‘ng darhol professional boksga o‘tish niyatim bor edi. Rioda kumush medalni qo‘lga kiritganimdan keyin, “Men mag‘lub bo‘ldim, endi jahon chempionatida oltin medal olishim kerak, keyin prof ringga o‘tsam bo‘ladi” degan qarorga keldim. Navbatma-navbat Osiyo, keyin Jahon chempionatida oltin medal sohibiga aylandim. Umid aka bilan gaplashib, menda o‘zimga bo‘lgan ishonch yanada ortdi, dalda, niyat paydo bo‘ldi. U kishi meni qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi. Endi men AQShda mahoratimni oshiraman. Bu taklif men uchun baxt desam ham bo‘ladi. Riodagi Olimpiya o‘yinlaridan so‘ng Toshkentga yetib kelganimizda yuzaga kelgan muhitni eslasam, yana bir marotaba Olimpiadada ishtirok etish niyati paydo bo‘lmoqda (kuladi). Bundan juda xursand bo‘ldim va albatta taklifni bajonidil qabul qilaman.

—Bu promouterlik kompaniyasi bilan tuzilgan shartnomangizga mos keladimi?

—Men O‘zbekistondan ketishimdan oldin, MOQ va boks federatsiyasida Olimpiya o‘yinlarida mendan yana medal kutishlarini aytishdi. Shu sababli, professional shartnomamga Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etish bandini kiritdim. Osiyo va Jahon chempionatida qatnasha olmayman. Ammo, Olimpiadaning litsenzion musobaqasida ringga chiqib, yo‘llanma qo‘lga kirita oladigan bo‘lsam, Tokioga borish imkoniyati menda bor.

—Navbatdagi rejalaringiz qanday?

—Endi 25 may kuni AQShga jo‘nab ketaman. 3,5 yilga viza olib, iyul oyida navbatdagi jangimni o‘tkazaman. Hozircha raqibim noma’lum. Promouter, menejerlarim bilan navbatdagi raqiblarni ko‘rib chiqyapmiz. Bizda tanlash imkoniyati bor. Menga mos keladigan raqib izlanmoqda.

—Murodjon Ahmadaliyev bilan bir jamoadamisizlar?

-Ha, ikkimizning menejerimiz ham, promouterimiz ham bir. Uning hisobida ham ayni paytda ikkita jangdan so‘ng ikkita g‘alaba bor. Takliflar ham ko‘p. Uchinchi jangimiz ham bir kunda o‘tkaziladi.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Iqtisodiyot
Korrupsiya darajasi, iqtisodiy erkinlik indeksi: O‘zbekistonning xalqaro reytinglardagi o‘rni qanday o‘zgarmoqda?
Dunyo
AQSH Yelsinning Ukraina haqidagi bayonotini maxfiylikdan chiqardi
Iqtisodiyot
O‘zbekistonda frilanserlik: ular qancha maosh oladi va nega ko‘paymoqda?